YETTB prezidenti Suma Chakrabarti Fargʻonada boʻldi

19:19 04 Mart 2020 Iqtisodiyot
998 0

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida Fargʻonada boʻldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xabarda keltirilishicha, viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev xalqaro moliya institutining Oʻzbekistondagi vakillari bilan muloqot doirasida bank prezidenti Suma Chakrabartini Fargʻona viloyatiga taklif qilgan. Suma Chakrabartining viloyatga tashrifi ushbu taklif doirasida tashkil etilib, ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan muhokamalar oʻtkazishga qaratilgan.
 

Dastlabki muloqot “Fargʻona” xalqaro aeroportida amalga oshirildi. Unda viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev Fargʻonaning iqtisodiy salohiyati va investitsiya imkoniyatlari, shuningdek, YETTB kredit mablagʻlarining maqsadli oʻzlashtirilishi jarayoni haqida soʻzlab berdi.

Taʼkidlash oʻrinli, oʻtgan vaqt mobaynida mazkur bank koʻmagida viloyatda 45 ta loyiha tashabbuskori qoʻllab-quvvatlandi. Margʻilon shahridagi “Ferlev” masʼuliyati cheklangan jamiyatning neft mahsulotlari sotib olish, Dangʻara tumanidagi “Real kabelinvest” korxonasining zamonaviy issiqxona tashkil qilish, Fargʻona shahridagi “Meridian diagnostic hospital” ochiq aksiyadorlik jamiyatining tibbiy asbob-uskunalar sotib olish loyihasi shular jumlasidan.

YETTB prezidenti Margʻilon shahridagi “Yodgorlik” va “Indorama Qoʻqon tekstil” fabrikalari bilan tanishdi.

“Fargʻonaga tashrifdan juda mamnunman. Oʻziga xos tabiatga ega viloyat meni maftun etdi. Margʻilon shahrida oʻtkazilgan xalqaro “Atlas” va Qoʻqondagi “Hunarmandchilik” festivali haqida avval eshitgandim. Bugun fargʻonalik hunarmandlar mahsulotlarini koʻrib, ushbu zaminning donishmand xalqi va qoʻli gul hunarmandlari yaratgan ijod namunalari asriy qadr-qimmatga ega ekanini yana bir bor his qildim”, deya oʻz taassurotlari bilan boʻlishgan Suma Chakrabarti.

YETTB prezidenti Suma Chakrabartining Fargʻonaga tashrifi chogʻida unga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamrohlik qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер