Ertaning saodatiga ishongan inson

15:46 24 Iyul 2020 Jamiyat
1693 0

Inson hayotidagi eng begʻubor va baxtli damlar bu albatta bolalik davridir. Bolalik damlarimni yodga olar ekanman, beixtiyor litsey hovlisida hayot tashvishlaridan holi, ertalabki «raspevka»ni joʻshib kuylayotgan qiz koʻz oldimga keladi. 

1996-yil kech kuz Jizzax viloyati Doʻstlik tumani Yangiobod qishloq fuqarolariga qarashli paxta dalalari.

Maktab bolalari yoppasiga paxta yigʻim terimiga jalb qilingan. Chanoqda paxtalar allaqachon tugagan, kichik yoshdagi maktab bolalari boʻynilariga ilingan fartuklarga kurak (paxtani ochilmagan qismi) terib ichidan paxtasi ajratib olinar edi. Noyabr oyi oʻrtalari izgʻirin. Maktabga faqatgina uch oygina toʻligʻicha borar edik. Taʼlimni ahvoli anchagina abgor holda edi.

Viloyatga yangi tayinlangan xokim gʻoʻzalar oralab kichik yoshdagi maktab bolalarini bu kabi ob-havoda koʻrak terishga qayta jalb qilmaslik haqida qatʼiy topshiriq berib, maktab sharoitini yaxshilash isitish choralari koʻrish yuzasidan qator koʻrsatmalar berildi.

Shu bolalar orasida men ham bor edim. Bu gaplarni eshitish xuddi ertaga bayram degandek eshitildi menga goʻyo.

1997-yil sentabr. Jizzax shahri markazida yangi tashkil etilgan “Umid”litsey internati.

Ilk saralash imtihonlaridan aʼlo natijalarni qoʻlga kiritib, litseyga qabul qilindim. Koʻnglimda bir olam quvonch, soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan tuygʻular joʻsh urardi, axir bu bu tengsiz imkoniyat, oʻqishni jonidan yaxshi koʻrgan oddiy oila farzandlari uchun bundan ortiq baxtni tasavvur qilib boʻlmasdi. Qabul qilingan oʻquvchilarning aksariyati ana shunday chekka tumanlarda, qishloqlardan imtihon asosida qabul qilingan oʻquvchilar edi.

Xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha kurslar, zamonaviy fanlarni yaxshi oʻzlashtirgan yetuk mutaxassislar ishtirokidagi darslar, kompyuterlashtirilgan xonalar bilim olish uchun barcha sharoitlar bekamu-koʻst tayyorlangan edi. Aytish mumkinki, u paytga qadar qiz bolalar uchun bu kabi oʻquv maskanlari umuman yoʻq edi. Turk litseyi ham endigina yopilgan.

Davlatimiz rahbari, oʻsha paytdagi viloyat xokimi Shavkat Mirziyoyev (1996-2001-yillar) koʻmagi hamda tashabbusi bilan ochilgan ushbu iqtidorli bolalar litseyida bolalarga yaxshi taʼlim berish uchun xorij mutaxassislari ham jalb qilingan hamda darsdan soʻng ular bilan erkin muloqot muhiti yaratilgan edi. Ingliz, nemis tillari bilan birga arab, fors tillari ham mukammal oʻrgatildi. Eng muhimi, qoʻshimcha darslar, kurslar hammasi bepul, oʻquvchilar qiziqishiga qarab yoʻnaltirilardi.

Xabar olishga kelgan dadam oʻsha paytlarda yaratilgan sharoitni koʻrib “ eh qizim ministrni bolasida ham bunaqangi sharoit yoʻq, otasiga rahmat, shuncha sharoitni yaratishni oʻzi boʻlmagan qizim, fidoiy inson ekan, yaxshi oʻqigin” deya qayta-qayta alqab litsey yonidagi kitob doʻkonidan «Skanavi» matematika kitobini sotib olib berib, uyga ketganlari esimda...

Hayotining eng murgʻak davridayoq hayot tashvishlarini koʻrib ulgurgan yuzdan ortiq bolalar zamonaviy sharoitda, sifatli taʼlim olishga muvaffaq boʻldilar.

11-12 yoshli bolalardan katta umidlar kutib boshlangan ish amalda oʻzining yuksak natijalari bilan namoyon boʻldi.

Qiz bola faqat uydagi uy-roʻzgʻor ishlari uchun tugʻilgan degan koʻnikmalarni buzib oʻtgan, oʻsha qizlar orasidan koʻplab turli darajadagi olimalar, fan nomzodlari mamlakatimizda va dunyoning turli rivojlangan mamlakatlarida oʻz faoliyatini olib bormoqdalar.

Litsey bitiruvchilaridan biri Volida Eshonqulova. BMTning Taraqqiyot fondi Kadrlar boshqarmasida katta xodim

«Sizlarning har bir qoʻlga kiritgan yutugʻingizda bizning nomimiz ham qoʻshib tilga olinadi degan edingiz. Ha, har safar oʻqishda, ishda yangi pogʻonalarga koʻtarilar ekanman, litseyda olgan bilimim, bizga koʻrsatilgan mehr eʼtiborni eslab koʻnglim cheksiz gʻurur va iftixorga toʻladi. Biz ishonchingizni oqlaymiz».

Volida Sulaymonova (Daniya)

Karimova Zulfiya. Germaniyaning Gumboldt universitetining magistratura bosqichi bitiruvchi talabasi.

«Germaniyaga boʻlgan tashrifingiz davomida yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvda qatnashdim. Sizni koʻrib oʻsha litseydagi quvnoq shodon damlarga bir on boʻlsa-da qaytgandek boʻldim. Millat taqdiri chin maʼnoda bilimli onalar qoʻlida ekanligi bugun har daqiqada oʻz isbotini topmoqda. Oʻzim ham yaxshiyam oʻshanda oʻqigan ekanman, ich-ichimdan xursand boʻlaman.

Ertaga ona, beka boʻladigan qizlarimizning oliy maʼlumotli boʻlishi millatimizning chin maʼnoda yuksalishi demakdir.

Aynan oʻzim bugun narsalarni qadriga koʻproq yetgandekman. Taʼlimni isloh etilishi millatni ertasiga poydevor qoʻyilishidir. Ilmiy izlanishlarim yakuniga yetishi bilanoq oʻz Ona-Vatanimga qaytaman bir yaxshi farzand sifatida yurtimiz ravnaqiga oʻz hissamni qoʻshaman».

Zulfiya Karimova ( Germaniya)

«Poytaxt koʻchalaridan ishga kelar ekanman, beixtiyor Mirzachoʻl dalalarida suv lotokni soyasida kitobiga termulib turgan koʻnglidagi orzularini kimga aytishni bilmay turgan 11 yoshli yoshli qiz koʻz oldimdan oʻtadi. Bu Sizning harakatingiz, tashabbusingiz hamda bir guruh fidoiy oʻqituvchilarning mehnati natijasidir. Juda koʻp balandparvoz gaplar aytish mumkin, lekin men yurtimizda haqiqatda eng qiyin damlarda ham taʼlimni yuksaltirishga jonini fido qiladigan insonlar koʻpaysin».

Dildora Ergasheva,
(Toshkent)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер