Ertadan Namanganda “Navruz Cup” xalqaro futbol turniri bahslari boshlanadi
Foto: “Xalq soʻzi”
24-29-mart kunlari gullar shahri – Namanganda navbatdagi FIFA kunlari doirasida “Navruz Cup” turnirini tashkil etish koʻzda tutilgan. Unda toʻrtta terma jamoa gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Musobaqada Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan tashqari Uganda, Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikasi jamoalari maydonga tushadi.
22-mart kuni qoʻshni Tojikiston futbol terma jamoasi Namanganga yetib kelgan edi. Kecha xalqaro futbol musobaqasi navbatdagi ishtirokchilari – Uganda, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, shuningdek, turnir tashkilotchilari Namangan xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Namangan viloyati hokimligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Markaziy Osiyo va Afrika qitʼasi vakillari ishtirokidagi oʻziga xos turnirni yuqori saviyada oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrdi.
Ertadan, yaʼni 25-martdan yarim final uchrashuvlariga start beriladi. Dastlabki kuni Uganda terma jamoasi Tojikiston bilan, mamlakatimiz terma jamoasi esa qirgʻizistonlik futbolchilar bilan kuch sinashadi. Shunday qilib, millionlar oʻyini ishqibozlarini Namangan shahridagi Markaziy stadionda boʻlib oʻtadigan betakror futbol tomoshalari kutmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring