Eronda boʻlib oʻtgan xalqaro forumda Oʻzbekistonning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi siyosati eʼtirof qozondi
Uchrashuvda turli mamlakatlardan 38 delegatsiya, jumladan, birinchi xonimlar, hukumat aʼzolari, parlament rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon va nufuzli ayollar ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy tabrik yoʻlladi.
Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova ishtirok etdi. Oʻzbekiston vakili oʻz nutqida bugungi kunda mamlakatimizda prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jarayonlaridagi rolini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, 2022-yilda oila va ayollarni tizimli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha 3 ta tarixiy hujjat – 2 ta farmon va 1 ta qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatlar ayollar uchun 42 ta qoʻshimcha imtiyozlarni belgilaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli oʻzbek ayolining ijtimoiy-madaniy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bergani alohida taʼkidlandi. Tomirlarida ajdodlar qoni oqayotgan zamonaviy Oʻzbekiston ayoli bilimli, kasbiy savodxon, mamlakat va jamiyat hayotiga bevosita daxldor, ijtimoiy faol shaxsga aylandi. Oʻzbekiston davlat siyosatining oilani qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish kabi yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari taqdim etilgan maʼlumotlarni katta qiziqish bilan qabul qildilar, Oʻzbekistonda olib borilayotgan gender siyosatini olqishladilar. Ishtirokchilar Kongress natijalari xotin-qizlarning hayotning turli sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish, oʻzaro hamkorlik va tajriba almashishni yanada rivojlantirish, muhim muammolarni aniqlash va bartaraf etishga xizmat qilishiga umid bildirdilar.
Tadbir yakunida nufuzli ayollarning Ikkinchi xalqaro kongressni Armanistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring