Eronda AQSH va Isroil bilan nizo paytida 3 mingdan ortiq kishi halok boʻldi
AQSH va Isroilning Islom Respublikasiga qarshi harbiy operatsiyasi davomida Eronda 3 mingdan ortiq kishi halok boʻldi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Mamlakat Sud tibbiyoti tashkiloti rahbari Abbos Masjadiyning soʻzlariga koʻra, jasadlarning taxminan 40 foizini dastlab shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan.
“Biz butun mamlakat boʻylab dushman hujumlari natijasida halok boʻlgan 3000 dan ortiq kishining jasadini [oilalariga] topshirdik. Jasadlarning qariyb 40 foizini tanib olishning iloji yoʻq edi, biroq sud-tibbiy tashkilotning imkoniyatlari va resurslaridan foydalangan holda ularning shaxsi aniqlandi va marhumlarning oilalariga topshirildi”, — deb qayd etdi u.
Avvalroq Amerika yetakchisi Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozi zudlik bilan ochilishi sharti bilan AQSH Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga toʻxtatishini maʼlum qilgan edi.
Eron hukumati sulhga roziligini tasdiqladi. Tehronning rasmiy bayonotida aytilishicha, mamlakat “buyuk gʻalabaga erishdi va jinoyatchi Amerikani oʻzining oʻn banddan iborat rejasini qabul qilishga majbur etdi”.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi alohida xabarida ikki hafta davomida kemalar Eron harbiylari bilan oʻz harakatlarini muvofiqlashtirgan holda Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali oʻtishlari mumkinligini tasdiqladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu maʼmuriyati yahudiy davlati AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bilan ikki haftalik sulh tuzish qarorini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring