Eron Qosim Sulaymoniyning oʻldirilishini qariyb 50 milliard dollarga baholadi
Foto: AP
Tehron Bosh sudi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining elita harbiy tuzilmasi tarkibiga kiruvchi “Al Quds” kuchlarining sobiq qoʻmondoni Qosim Sulaymoniyning oʻldirilishini 50 milliard dollarga baholadi.
“Qoʻshma Shtatlar va Qoʻshma Shtatlardagi boshqa 41 nafar jismoniy va yuridik shaxs general Qosim Sulaymoniyning oʻldirilishi bilan bogʻliq sodir etilgan jinoyatlari tufayli 49 milliard dollar va 770 million dollar toʻlashga hukm qilindi”, deyiladi sud bayonotida.
Sulaymoniyga suiqasd 2020-yil 3-yanvarda AQSHning Bagʻdod aeroportiga havo hujumi natijasida sodir etilgandi. Bunga javoban Tehron 8-yanvarga oʻtar kechasi Amerikaning Iroqdagi nishonlariga oʻnlab raketalarni uchirdi. Ushbu operatsiya “Shahid Sulaymoniy” deb nomlandi. Qoʻshma Shtatlar hujumlar natijasida qurbonlar boʻlmaganini va harbiy bazalarga minimal zarar yetkazilganini bildirdi.
2023-yil yanvarida Eron hukumati AQSHni uch yil avval sodir etilgan qotillik uchun javobgarlikka tortish rejasini eʼlon qildi. Mamlakat rahbariyatiga koʻra, sodir boʻlgan voqea terrorchilik akti boʻlib, uning aybdorlari buning uchun javobgar boʻlishi kerak.
Manbada Eron aynan qanday qilib Amerika rasmiylarini javobgarlikka tortmoqchi ekanligi aytilmagan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ham qotillik aybdorlari, deb hisoblagan shaxslar nomini maʼlum qilmadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring