Eron o‘zbekistonliklar uchun viza rejimini bekor qildi
Eron Vazirlar Mahkamasi bir tomonlama tartibda 32 davlat bilan viza rejimini bekor qilishni maʼqulladi.
Viza rejimi bekor qilingan mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham bor. Shuningdek, ro‘yxatdan BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Hindiston, Rossiya, Livan, Qirg‘iziston, Tojikiston, Tunis, Mavritaniya, Tanzaniya, Zimbabve, Mavrikiy, Seyshel orollari, Indoneziya, Bruney, Yaponiya, Singapur, Kamboja, Malayziya, Viyetnam, Braziliya, Peru, Kuba, Meksika, Venesuela, Bosniya va Hersegovina, Serbiya, Xorvatiya va Belarus ham joy olgan.
Yangilik to‘g‘risida Eron madaniy meros, hunarmandchilik va turizm vaziri Izzatulloh Zurg‘omiy Tehrondagi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga maʼlum qildi.
Eron vazirining qayd etishicha, hukumat butun dunyoga mamlakat eshiklarini ochmoqchi.
"Eron dunyo, odamlar bilan muloqot qilmoqchi, eronofobiya bilan kurashmoqchi. Viza rejimining bir tomonlama bekor qilinishi Eronga bemalol keladigan chet el fuqarolari bilan muloqot qilish uchun imkoniyatdir", — deb taʼkidladi Zurg‘omiy.
Vazir so‘zlariga ko‘ra, dastlab 60 mamlakat bilan viza rejimini bekor qilish taklifi berilgan. Ammo yakunda 33 tasi maʼqullangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring