Yer uchastkalari boʻyicha qaror chiqarish hokimlardan Kengashga oʻtkazilishi muammoga yechim emas

14:46 20 Avgust 2020 Siyosat
3673 0

Soʻnggi vaqtlarda xususiy mulk va yer uchastkalari masalasida fuqarolarimiz hamda mahalliy ijro hokimiyati oʻrtasidagi munosabatlar turli xildagi ziddiyatlarga sabab boʻlmoqda. Bunda asosan tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarorlari asosida yer uchastkalarini olib qoʻyish, yerga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini va yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini tugatish bilan bogʻliq holatlar sabab boʻlmoqda.

Buning natijasida, joylarda shaharsozlik loyihalari jarayonida amalga oshirilayotgan «snos»lar bilan bogʻliq holatlarda turli xildagi ziddiyatlar kelib chiqmoqda. Bu kabi salbiy holatlar esa, fuqarolarimizda ijro hokimiyatiga nisbatan ishonchsizlikni yuzaga keltirmoqda. Yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf etish hamda fuqarolar, mulkdorlar huquqlarining toʻlaqonli kafolatini taʼminlash maqsadida “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli oʻzgartishlar kiritish taklif qilinmoqda.

2020-yil 20-avgust kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida mazkur qonun loyihasiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar atroflicha muhokama etildi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilanishi, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha ularning vakolatlari cheklanib, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish vakolatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish tartibi joriy etilayotgani ijobiy holat sifatida qayd etildi.

Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi 37-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartirishga binoan yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish yer egasining roziligi boʻlgan taqdirda yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yohud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Fraksiya deputatlari muhokamalar jarayonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori ustidan shikoyat qilish belgilangan tartibda amalga oshiriladi deya umumiy tushuncha sifatida berilishiga jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Fraksiya aʼzolari tomonidan fuqaro yoki ijarachining bu haqdagi qarordan shikoyat qilish huquqi qonunchilikda faqatgina Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilanganligi qayd etildi. Bu holat fuqarolarning sudga murojaat qilishiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash borasida qonunchilikda maʼlum boʻshliqni yuzaga keltirishi yuzasidan fikrlar bildirildi. Shu bois xalq deputatlari mahalliy Kengashi yoki Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasi bilan bogʻliq qarori ustidan sudga murojaat qilishning aniq mexanizmlarini qonunchilikda aks ettirish zarurligi qatʼiy taʼkidlandi.

Shu bilan bir qatorda, bu kabi holatlarda asosiy muammo yer uchastkalari boʻyicha chiqarilgan qarorlarning kim tomonidan qabul qilinishida emas, aksincha, qonunchilik mexanizmining toʻlaqonli ishlamasligida ekanligi aytib oʻtildi. Jumladan, ziddiyatli holatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashi zarur boʻlgan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalari bugungi kunda toʻliq ishlashi uchun zarur choralar koʻrilmayotganligiga ham deputatlar tomonidan eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, fraksiya aʼzolari tomonidan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokama etildi. Muhokama jarayonida deputatlar tomonidan soʻnggi yillarda mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, amalda kutilgan natijaga erishilmayotganligi tanqid qilindi.

Endilikda Qonun loyihasiga kiritilayotgan oʻzgartirish orqali xalq deputatlari Kengashlarining tashkiliy faoliyatiga koʻmaklashuvchi Kengashning yuridik shaxs hisoblanuvchi kotibiyat boʻlimi tashkil etilmoqda. Natijada xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish vazifasini hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyatiga oʻtkaziladi. Xalq deputatlari Kengashi deputatlari oʻz vaqtida zaruriy hujjatlar, axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlanadi.

Fraksiya yigʻilishi yakunida kun tartibida muhokama qilingan qonun loyihalari yuzasidan qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер