Energetiklarga zamonaviy elektromobillar topshirildi
Xorazm viloyatida elektr taʼminoti sohasida xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filialiga 20 ta zamonaviy elektromobil topshirildi.

Elektromobillarni topshirish marosimida soha xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur transport vositalari energetika sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor, aholini uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek, korxona faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida ajratilgan.

Yangi elektromobillar elektr taʼminoti obyektlarida tezkor xizmat koʻrsatish, avariya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, xodimlarning harakatlanish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu tashabbus ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni kengaytirish orqali “yashil energetika” tamoyillarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi“.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring