Endilikda boks hakamlari uchun “TOP-10” reyting tizimi shakllantiriladi
Oʻzbekiston boks federatsiyasi hakamlar va musobaqa rasmiylari faoliyatini rivojlantirishga bagʻishlangan yangi strategiya ishlab chiqdi. Ushbu loyiha doirasida hakamlik boʻyicha tanlov eʼlon qilindi, yurtimizga AIBAning tajribali instruktorlari taklif etildi, shuningdek, Oʻzbekiston chempionatida ishlash uchun barcha qitʼadan 8 nafar uch yulduzli hakamlar yurtimizga kelmoqda.
Bugun mazkur strategiya doirasida hakamlar uchun katta seminar boshlandi.
Tadbirni Oʻzbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ochib berdi. Bosh kotib oʻz chiqishida hakamlikni rivojlantirish dolzarb masala ekanligi, ushbu yoʻnalishni rivojlantirmay turib, yosh va isteʼdodli bokschilarni seleksiya qilib boʻlmasligi haqida gapirdi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston boks federatsiyasi xalqaro munosabatlar boʻlimi boshligʻi Shohid Tillaboyev hakamlar faoliyatini rivojlantirishga oid strategiya mazmuni haqida tushuntirish berdi. U, shuningdek, bugungi seminarni olib borish uchun yurtimizga kelgan AIBAning tajribali instruktorlari Endryu Koulfild (Shotlandiya) va Igor Biletskiy (Ukraina)ni tanishtirdi. Shuningdek, hakamlik yoʻnalishini rivojlantirish strategiyasidagi loyihalar haqida gapirib berdi.
Unga koʻra, endilikda boks hakamlari uchun “TOP-10” reyting tizimi shakllantiriladi. Ushbu reyting ayni paytda yurtimizda boʻlib turgan neytral, xorijiy instruktorlar tomonidan tuziladi.
Seminar ertaga ham davom ettiriladi. Unda ishtirokchilar uchun imtihonlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring