Endi Poʻlotchining oʻz maktabi bor
Foto: Xalq so‘zi
— Qabulxonamiz hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan sayyor qabullarning birida Poʻlotchi qishlogʻida istiqomat qiluvchi aholidan hududda maktab yoʻqligi masalasi oʻrtaga tashlangan edi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev. — Ahvolni atroflicha oʻrgandik. Poʻlotchida aholi, jumladan, maktab yoshidagi bolalar soni yil sayin koʻpayib borayotgani, bu qishloq oʻgʻil – qizlari uzoq yoʻl bosib, 1-, 7-, 20- umumtaʼlim maktablariga borib oʻqishga majbur boʻlishayotgani aniqlandi. Shundan soʻng Poʻlotchida yangi maktab qurish kerak, degan qarorga kelindi.
Qishloq aholisining koʻp yillik orzusi ushalishi uchun nari borsa yetti – sakkiz oy kifoya qildi. Poʻlotchida 220 oʻringa moʻljallangan yangi 24-umumtaʼlim maktabi barpo etildi. “Obod qishloq” dasturi asosida qad rostlagan zamonaviy inshoot qurilishi uchun 4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi.
Poʻlotchida endi ota-onalarning koʻngillari toʻq. Negaki, farzandlari shundoq qoʻl choʻzsa yetgulik maktabda, zamonaviy shart-sharoitlarda saboq olishadi.
Aytmoqchi, aholi talab-istaklaridan kelib chiqib tumandagi “Sorgʻun” mahallasida ham 23-umumtaʼlim maktabining 240 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan yangi binosi va sport zali qurilib foydalanishga topshirildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring