Elnur Abduraimov bugun ringga chiqadi. Raqib oʻzgardi

Professional boksda - 58,96 kg vazn toifasida ringga chiqayotgan Elnur Abduraimovning ikkinchi jangi amerikalik Jovanni Gonsalesga qarshi boʻlib oʻtadi. Bu haqda sportchining vakili “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilgan.
Oldinroq Abduraimovning ikkinchi raqibi asli argentinalik boʻlgan Xose Salinas boʻlishi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo jang boʻlib oʻtishiga ikki kun qolganida, Salinas bu jangda ishtirok etishdan bosh tortgan. Hozircha uning nima sababdan bu jangga chiqmagani borasida aniq maʼlumotlar yoʻq.
Shundan soʻng Abduraimovning murabbiylari tezda boshqa raqiblar bilan aloqaga chiqqan va Jovanni Gonsales bilan kelishuvga erishilgan. 18 oktyabr (Toshkent vaqti bilan 19 oktyabr) kuni boʻlib oʻtadigan jangda Elnurga aynan Jovanni raqiblik qiladi. Jang AQSHning Kaliforniya shtati Indio shahrida joylashgan Fantasy Springs Casino saroyida boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun Jovanni professional boksda 7 jang oʻtkazib, 5ta gʻalaba (5ta nokaut) va 2ta magʻlubiyat qayd etgan.
Elnur Abduraimov esa professional boksdagi debyut jangida amerikalik Aron Jamil Xollisni birinchi raunddayoq nokautga uchratib gʻalaba qozongan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring