Yelka va kurakdagi kuchli ogʻriqlar radikulit alomatimi?

12:03 15 Fevral 2024 Jamiyat
4090 0

Koʻcha-koʻyda, baʼzan tanish-bilishlar orasida oʻtirib-turganda qiynalayotgan, yurganida ogʻirsinib harakatlanayotgan kishilarni uchratamiz. Bu esa koʻpincha radikulit alomati boʻlishi mumkin.

Xoʻsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʻladi? Uning oldini olish va davolash choralari qanday?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Rustamjon Musayev javob berdi.

— Radikulit – orqa miyaning asab ildizchalari va ulardan tarqaladigan asab tolalari zararlanishi tufayli yuzaga keladi, — deydi mutaxassis. — Kasallik boʻyin, yelka, koʻkrak, bel-dumgʻaza va oyoqlarga ogʻriq berib, oʻtkir va surunkali tusda kechadi. Asosan, bel-dumgʻaza, boʻyin-yelka va koʻkrak radikuliti kabi turlari koʻp uchraydi.

Odatda bu xastalik toʻsatdan paydo boʻlib, koʻp hollarda surunkali shaklga oʻtadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganiga qarab, kasallik ham turli xil boʻladi. Xususan, eng koʻp tarqalgan turi — bel-dumgʻaza radikulitida tananing ushbu sohasi hamda quymich nerv boʻylab turli ogʻriqlar kuzatiladi. Qimirlaganda esa ogʻriq yanada kuchayadi.

Shu bois bemor birdaniga harakatlana olmaydi. Yurganida tanasini old yoki yonga egib oladi. Natijada umurtqa pogʻonasi qiyshayib, orqa mushaklar taranglashadi.

Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, ogʻriq son yuzasida kuzatiladi. Dumgʻaza boʻlimi ildizchalari zararlanishi bilan ogʻriq quymich nervi boʻylab yonbosh, boldir va oyoq panjasiga tarqaladi. Oyoq sovqotib, uvushadi.

Kasal oyoqning mushaklari tonusi pasayadi. Quymich nervi tortishganda, ayniqsa, odam engashganda yoki oyoq koʻtarilganda ogʻriq yanada zoʻrayadi.

Boʻyin-yelka radikulitida ogʻriq ensa, yelka va kurakka tarqaladi. Bosh va qoʻlni qimirlatish va atrofga qarash, aksa urish va yoʻtalganda ogʻriq kuchayadi. Xastalikning ogʻir shakllarida qoʻl uvushib, lovullab achishadi va sanchadi.

Radikulitning disk churrasi turi esa nafaqat kattalar, balki kichik yoshdagilarda ham uchraydi.

Ushbu kasallikka koʻpincha osteoxondroz sabab boʻladi. Chunki bu paytda umurtqalararo disk oʻzining elastikligini yoʻqotib, moʻrt boʻlib qoladi. Diski oʻzgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yigʻilib, suyak oʻsishi (osteofitlar) kuzatiladi. Oʻsib chiqqan suyak nerv ildizchalarini qisishi natijasida ogʻriq paydo boʻladi.

Kishi bu darddan saqlanishi uchun, avvalo, umurtqa pogʻonasi kasalliklaridan oʻzini asrashi lozim. Ayniqsa, osteoxondroz va skolioz radikulitni keltirib chiqaruvchi asosiy xastaliklardir. Shuningdek, kamharakatlik, zax va sovuq joylarda ishlash, ogʻir yuk koʻtarish tufayli ham radikulit kelib chiqishi mumkin.

Koʻpincha kasallik uzoq muddatga choʻziladi. Agar eʼtiborsizlik qilinsa, bemor harakatlanishga qiynalib, keyinchalik yurolmay qoladi. Natijada tanada ikkilamchi harakat tizimi xastaliklari paydo boʻladi.

Agar bemor shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilsa, sogʻayishi tezroq kechadi. Shuningdek, kasallikdan himoyalanish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, doimiy harakatda boʻlish va jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер