“Elektron hukumat” tizimi maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi ochildi

15:00 27 Avgust 2022 Siyosat
1211 0

Foto: president.uz

Mamlakatimiz mustaqilligi bayrami yaxshi yangiliklar bilan, koʻtarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Joylarda yangi inshootlar, markazlar ishga tushirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Toshkent viloyati va poytaxtimizdagi shunday majmualar bilan tanishdi.

Ulardan biri — Zangiota tumanida qurilgan “Elektron hukumat” tizimi maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi.

Mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, xizmatlarni odamlarga qulaylashtirish choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, yurtimiz masofaviy xizmatlar eksporti boʻyicha oʻziga xos mintaqaviy xabga aylanib bormoqda. Bu xalqaro talablarga mos Datamarkaz tashkil qilishni zaruratga aylantirdi.

Shu bois “Raqamli Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda ilk bor katta hajmdagi maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi barpo etildi. Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Markazda Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda 20 peta bayt xotiraga ega tizim tashkil etilgan. 580 ta server, umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi. Binoni sovitish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash tarmoqlari ham barcha talablarga javob beradi. Umuman, Maʼlumotlar markazi xalqaro “Uptime” instituti tomonidan beriladigan TIER III sertifikatiga ega.

— Bu markaz raqamlashtirishning “yuragi”, “Elektron hukumat”ning zamini, — dedi Prezident.

Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining maʼlumotlarni saqlash va texnik qoʻllab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab xarajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi. Eng asosiysi, kiberhujumlardan ishonchli himoya taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер