Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati bilan bogʻliq senator soʻrovi yuborildi
Mamlakatimizda elektromobillarni rivojlantirish, ularni quvvatlash stansiyalari infratuzilmasini kengaytirish va ekologik toza transport turlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Fuqarolik jamiyati, tadbirkorlar va mutasaddilar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil etish va elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻrnatilgan elektromobillar hamda quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun moʻljallangan quvvatlash stansiyalarini elektr tarmogʻidan vaqtincha uzib qoʻyish va ularning faoliyatini cheklash bilan bogʻliq holatlar haqida xabarlar tarqalgani jamoatchilikning haqli noroziligidan darak beradi.
Mazkur holatlarni inobatga olib, Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Kobuljon Tursunov Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov nomiga senator soʻrovi yubordi.
Senator elektromobillar va quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun quvvatlash stansiyalarini elektr tarmogʻidan uzish va ularning faoliyatini cheklash sabablari, mazkur stansiyalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tegishli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, shu kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan kelgusidagi rejalar yuzasidan asoslantirilgan maʼlumot taqdim etish soʻragan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring