Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasi kengaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar “Hududlarni va ayrim sohalarni rivojlantirish hamda insofli soliq toʻlovchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan respublika hududlarining toʻrtinchi toifasiga (40 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni 3 foiz stavkada, mol-mulk soligʻi belgilangan eng kam qiymatiga va yer soligʻining bazaviy stavkalariga 0,3 miqdorida, yakka tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliqni 0,5 miqdorida kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda toʻlash tartibi joriy qilish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, respublika hududlarining beshinchi toifasiga (20 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar foyda, aylanmadan olinadigan va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida, mol-mulk va yer soligʻini hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida toʻlaydi, shuningdek yakka tadbirkorlar qatʼiy belgilangan soliqni toʻlashdan ozod etish koʻzda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi respublika tuman va shaharlarini ularning toifalaridan kelib chiqib rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring