Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining axboroti eshitildi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining jismoniy va yuridik shaxslarning oʻsimlik dunyosi va suv resurslarini muhofaza qilish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishga oid murojaatlarida koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani toʻgʻrisida»gi axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, qoʻmita tomonidan murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish, koʻtarilgan masala va muammolarni hal qilish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilgan. Xususan, bugungi kunda “E-Maʼmuriy ish” tizimidan alohida platforma, yaʼni «Ekonazorat» elektron axborot tizimini joriy etilgan.
Xalq bilan samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgan holda ularning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi murojaatlarini hal etish boʻyicha olib borilgan ishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalar joyida hal etilmoqda.
Xususan, joriy yilning aprel-may hamda oktyabr-noyabr oylarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida aholi bilan sayyor qabullar oʻtkazilgan. Ularda ishtirok etgan 283 nafar fuqarodan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa masalalarga doir kelib tushgan murojaatlar oʻrganilib, ijobiy hal etilgan.
Axborotda keltirilganidek, 2022-yil davomida Davlat ekologiya qoʻmitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning soni 11 227 tani tashkil etib, ularning salmoqli qismi qanoatlantirilgan. Qolgan murojaatlar muddati boʻyicha koʻrib chiqilmoqda.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni asosiy qismini qattiq maishiy chiqindilarga oid masalalarni tashkil qilib, ularning soni 4 279 ta ni tashkil qilgan. Oʻsimlik dunyosiga yetkazilayotgan zararlar yuzasidan 1603, korxona va tashkilotlarning atrof muhitga yetkazayotgan zararlari toʻgʻrisida 1269, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishga doir 1470 ta murojaatlar kelgan.
Shuningdek, qoʻmita tizimidagi ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlar tahlili 7/24 rejimda ishlovchi qoʻmita markaziy apparati “Call-markaz»iga kelib tushgan 3887 ta murojaatning eng koʻpi Toshkent shahri ga toʻgʻri kelmoqda.
Murojaatlarni oʻrganishda xodimlarning masʼuliyatini yanada oshirish va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan ichki nazorat kuchaytirilib, hisobot davrida 32 nafar masʼul shaxslarga ijro intizomini buzgani uchun intizomiy jazo choralari koʻrilgan.
Eshituv davomida jismoniy va yuridik shaxslarning oʻsimlik dunyosi va suv resurslarini muhofaza qilish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishga oid murojaatlari, saylovchilar bilan uchrashuvlarida koʻtarilgan hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan muhokamalarga sabab boʻlayotgan ekologik masalalarga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.
Eshituvda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring