Ekologik audit nima asosida oʻtkaziladi?
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ekotizimlar va atrof-muhitning tabiiy holatini saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni qayta tiklash ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bularning barchasi, albatta, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholi salomatligini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bugungi kunda mazkur sohadagi munosabatlarning huquqiy asoslari takomillashtirilib xalqaro standartlar asosida yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning 15-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan tomonidan imzolangan “Ekologik audit toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni ana shunday huquqiy asoslardan biri boʻldi.
Ushbu hujjatga muvofiq, ekologik audit ekologik auditorlik tashkiloti va ekologik audit buyurtmachisi oʻrtasida tuziladigan, ekologik audit oʻtkazish muddatlari va boshqa shartlari belgilanadigan shartnoma asosida oʻtkaziladi. Ekologik audit subyektining faoliyati tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan bir yil davomida tekshirilmaydi. Bu esa, ekologik audit xulosasiga ega boʻlgan tadbirkorlarga qulaylik yaratadi.
Ekologik audit ixtiyoriy yoki majburiy shaklda oʻtkazilishi mumkin. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish xavfi kam boʻlgan yoki unchalik kam boʻlmagan ekologik audit subyektlarining faoliyatiga nisbatan ekologik audit ixtiyoriy tartibda oʻtkaziladi.
Qonunga koʻra, ekologik auditorlik tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida mustaqil hisoblanadi. Ekologik audit oʻtkazish yakunlari boʻyicha ekologik audit xulosasi maxfiy hujjat boʻlib, ekologik audit buyurtmachisining roziligisiz oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonun ekologik auditorlik faoliyatni tartibga solish boʻyicha xalqaro tajribani inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Xususan, bir qator xorijiy davlatlarda (Germaniya, Avstriya, Ispaniya, Niderlandiya, Kanada, Janubiy Koreya, Ukraina, Estoniya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqalar) ekologik audit masalalari maxsus qonunlar bilan tartibga solingan.
Bir soʻz bilan aytganda, ekologik audit atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar siyosatining ajralmas qismi boʻlib, oʻzini-oʻzi boshqarishining muhim elementi hisoblanadi. Ekologik audit institutining ustuvor tatbiq etilishi esa tabiat musaffoligi yoʻlida xizmat qiladi.
Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring