Ehtiyot boʻling, internet olamida firibgarlik!
Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi, raqamli iqtisodiyot jamiyatimizning ajralmas qismiga aylanishi, virtual olam imkoniyatlarining kundan-kunga oshib borishi natijasida ular hayotimizning chambarchas bir boʻlagiga aylanib bormoqda. Internetning vaqt va masofa tanlamasligi, foydalanuvchilar sonining muntazam oshib borishi, uydan, ish joyidan chiqmasdan turib ham yaxshigina pul topish imkonini bermoqda.
Afsuski, mamlakatimizda shunday yaratilgan imkoniyatlardan gʻarazli maqsadda foydalanish, belgilangan qonun-qoidalarni mensimaslik, oʻzgalar hisobidan pul topishni niyat qilgan insonlar ham uchrab turibdi. Ular turli xil bahonalar bilan oʻzgalar ishonchiga kirib, oʻz mahsulotlarini qisqa muddatda olib borib berishni vaʼda qilib, pulni olgach dom-daraksiz ketishi, yoʻqolib qolishi yoki oʻz akkauntlarini oʻchirib tashlash yoʻlini tanlamoqda.
Bugun Jizzax shahri, Doʻstlik mahallasida yashovchi fuqaro R.Mustafayeva bizga qoʻngʻiroq qilib 2020-yilning 17-sentyabr kuni oʻzini Nigora deb tanishtirgan, 1991-yilda tugʻilgan, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro internet markayeing orqali ayollar tovari mahsulotlarini sotishini, har bir mahsulot narxi 80 ming soʻm ekanligi, agar uchta mahsulotga birdan buyurtma berib 240 ming oʻtkazsa toʻrtinchi mahsulot tekinga berilishini maʼlum qiladi.
Natijada jabrlanuvchi shu kunining oʻzida soat 16:05 da mahsulot egasiga klik tizimi orqali xizmat haqi bilan birgalikda 242 400 soʻm oʻtkazib beradi.
-Oʻsha kuni yuborishi kerak boʻlgan mahsulotlarni pul olgach, Navoiy viloyatiga tovar yuborganligi, men va boshqalar uchun Jizzax shahriga 18-sentyabr kuni yuborishini aytdi, -deydi jabrlanuvchi R.Mustafayeva. – 18-sentyabr kuni soat 10:30 dan keyin mahsulot sotuvchi umuman javob bermadi va 19-sentyabr kuni ertalab qarasam telegrammdagi bor maʼlumotlarni oʻchirib yuboribdi. Shundan keyin nima qilishimni bilmay sizlarga telefon qildim.
-Men ham uchta ayollar kiyimi va bonusga bitta mahsulot uchun 240 ming soʻm pulni shu telegrammda oʻzini Nigora deb tanishtirgan qizning hisob raqamiga 15-sentyabr kuni oʻtkazib berdim, - deydi Jizzax shahri, Hamid Olimjon mahallasida yashovchi Sayyora. – Menga ham pulni olgan sotuvchi ertaga, indinga deya aldab yurdi va 19-sentyabr kuni telegramm botini oʻchirib yubordi.
Yuqorilardan koʻrinadiki, oʻziga firibgarlikni maqsad qilib olgan, shu yoʻl orqali pul topishda hech narsadan qaytmaydigan insonlar oz boʻlsa-da uchrab turmoqda. Ayniqsa bugun internet imkoniyatlari kengayib borayotgan bir davrda bunday holatlarni koʻplab uchratish mumkin.
Ushbu maqolada nomlari tilga olingan jabrlanuvchilarga ham yurtimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tegishli tartibda yordam beriladi, deb umid qilamiz.
Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring