Dunyoni mehr asraydi

21:46 28 Dekabr 2021 Jamiyat
1108 0

Foto: «Халқ сўзи»

Navoiy davlat pedagogika instituti hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi hamkorligida ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy xalqparvar va mehr-saxovat sohibi” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Anjumanda shoirning mehr-muruvvat bobidagi shaxsiy namunasi va bu borada alloma oʻgitlari bilan birga saxiylik va hotamtoylik kabi halqimizga xos fazilatlarning bugungi kun voqeligidagi ahamiyati tahlil etildi.

— Saxiylik toʻgʻrisida “Mahbub ul-qulub” asarida shoirning qimmatli oʻgitlari keltirilgan, — deydi dotsent Rustam Qarshiyev. — Xususan, “...faxrlanish uchun bermoq oʻzni koʻrsatishlik va bu bilan oʻzini saxiy demak behayolikdur. Kishilar koʻrmaguncha bermagan pastkashdir, saxiy emas. Tilaganga berganni ham saxiylikdan yiroq bil, qistov bilan bermaganni yaxshiroq bil. Bitta nonni ikki boʻlib, yarmini bir ochga berganni saxiy degil, oʻzi yemay barini muhtojga berganni saxiy doʻst degil”, deya yozarkan, mehr-muruvvat nihoyatda nozik fazilat ekanligini taʼkidlaydi.

Respublikamizning turli oliy taʼlim muassasalaridan oltmishga yaqin professor-oʻqituvchilar, navoiyshunoslar va talaba-yoshlar ishtirok etgan konferensiyada Alisher Navoiy amalga oshirgan saxovat ishlarini oʻrganishning dolzarbligi va uning bugungi davrimiz uchun ijtimoiy ahamiyati xususida keng toʻxtalib oʻtildi.

— Navoiy bobomiz oʻz vaqtida oʻzining xalqparvarlik, saxovatpeshalik fazilatini namoyon etib, xalqqa solingan bir qator soliqlarni oʻz hisobidan toʻlagan, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev. — Bunday voqealar siyosiy faoliyati davomida bir necha bor yuz berganligi haqida Xondamirning “Makorim ul-axloq”, Mirxondning “Ravzat us-safo”, Zayniddin Vosifiyning “Badoeʼ ul-vaqoye” asarlarida qiziqarli maʼlumotlar bor. Chunonchi, buyuk tarixchimiz Xondamirning asarlarida hazrat Alisherni oʻzi yashab ijod etgan davrda 52 ta rabot,20 ta hovuz, 16 ta koʻprik, 9 ta hammom va koʻplab madrasalar, katta-katta inshootlar qurdirib, homiylik qilganligi qayd etiladi.

Konferensiyada Navoiy davlat pedagogika instituti professori, Abduhamid Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti professori Usmon Qobilov, Qoʻqon davlat pedagogika instituti professori Zebo Qobilova, Jizzax davlat pedagogika instituti dotsenti Zuhra Mamadaliyeva, Namangan davlat universiteti dotsenti Isroil Sulaymonovning mavzuga doir maʼruzalarida ana shunday eʼtirofga molik maʼlumotlar taqdim qilindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер