Dunyoda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat keskinlashmoqda — nihoyat Donald Tramp ham niqob taqdi

01:20 13 Iyul 2020 Dunyo
1410 0

Foto: Twitter

Soʻnggi bir kun ichida dunyoda rekord darajada koronavirus yuqtirish holati qayd etilgan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 12-iyul kuni 230,370 ta infeksiya holati qayd etilgan, 5 285 bemor hayotdan koʻz yumgan.

Bundan oldingi eng yuqori koʻrsatkich 10-iyul kuni qayd etilib, oʻshanda 228 mingdan ortiq infeksiya aniqlangan edi.

Bugunga kelib JSST maʼlumotiga koʻra, dunyoda virus bilan zararlanganlarning jami soni 12 552 765 nafarga yetdi va infeksiya qurbonlari soni esa 561 617 nafarni tashkil qilmoqda.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni oʻsishda davom etmoqda. Jumladan, shanba kuni mamlakatda 66 ming kishida virus aniqlangan. Bu pandemiya boshlangandan beri eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. 

AQSH prezidenti Donald Tramp kameralar oldida niqobda paydo boʻldi. Bu holat pandemiya boshlangandan birinchi marta kuzatildi. AQSH rahbari shanba kuni mamlakatda kasallikni yuqtirganlar rekord darajada qayd etilganidan soʻng niqob taqqan.

U shanba kuni Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga gʻamxoʻrlik qilayotgan harbiylar va tibbiy xodimlar bilan uchrashish uchun Vashington shtatidagi Uolter Rid harbiy kasalxonasiga borganida niqobda boʻlgan.

«Menimcha, niqob taqish juda yaxshi. Men hech qachon niqoblarga qarshi boʻlmaganman, lekin hamma narsaning oʻz vaqti va joyi bor, deb hisoblayman», degan u Oq uydan chiqayotganda.

AQSH virusni yuqtirganlar va u tufayli vafot etganlar soni boʻyicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda 3 290 994 kishida virus aniqlangan, hayotdan koʻz yumganlar soni esa 136 ming nafardan oshdi.

Epidemiologlarning fikriga koʻra, bu epidemiyani oʻz ichiga oladigan yagona mexanizm ishlab chiqilmaganligi bilan izohlanadi.

“Shtat maʼmurlari mahalliy darajada harakat qilmoqda, ammo federal strategiya zarur”, deydi olimlar.

Kasallikka chalinganlar sonining koʻpayishiga qaramay, Florida shtatida Uolt Disney istirohat bogʻi ochildi. Tashrif buyuruvchilarga niqob va boshqa xavfsizlik choralarini koʻrish talab qilinadi.

Rossiyada soʻnggi bir kun ichida 6615 odamda koronavirus aniqlandi, 130 kasal vafot etdi, deb xabar beradi epidemiyaga qarshi kurash boʻyicha tezkor shtab.

Rossiyada 727 ming kishi kasallikni yuqtirgan va 11355 kishi vafot etgan.

Yakshanba kuni Sechenovskiy universiteti koronavirusga qarshi vaksina koʻngillilari uchun klinik sinovlar tugaganligini eʼlon qildi. Umuman olganda, dunyoda 200 ga yaqin tashkilotlar vaksinalarni ishlab chiqmoqdalar, bugungi kunda odamlarda 18 ta dori sinovdan oʻtkazilmoqda.

Buyuk Britaniyada shanba kuni basseynlar va ochiq teatrlar, shuningdek kriket maydonchalari ochildi. Lekin mamlakatda jamoat joylarida niqob kiyish majburiyligi borasida tortishuvlar davom etmoqda. Hozircha rasmiylar fuqarolarning tushunchasiga tayanishlarini va majburiy choralar koʻrmoqchi emasliklarini bildirishdi.

Mamlakatda jami kasallikni yuqtirganlar soni 289 603 qurbonlar soni 44 819 nafarni tashkil etmoqda. Soʻnggi sutkada 650 kishida virus aniqlangan.

Hindistonda soʻnggi sutkada 29 108 kishida virus aniqlangan va jami kasallanganlar soni 879 466 kishiga yetdi. Virusni yuqtirgan yana 500 kishi hayotda koʻz yumgan va jami qurbonlar soni 23 187 nafarga yetdi.

Braziliyada kasallik eng koʻp qayd etilishi boʻyicha AQSHdan keyingi oʻrinda turibdi. Mamlakatda soʻnggi 24 soat ichida 35 558 kishi virus aniqlan va infeksiya bilan zararlanganlarning jami soni 1 846 249 nafarga yetdi. Virusni yuqtirgan 961 kishi hayotdan koʻz yumgan va jami qurbonlar soni 71 584 nafarga yetdi.

Umuman Lotin Amerikasidagi vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Bu yerdagi toʻrtta davlat — Braziliya, Peru, Chili va Meksika kasallik eng koʻp tarqalgan davlatlar orasida yuqori oʻntalikka kirdi.

Qoʻshnilarimizdagi vaziyat

Qozogʻistonda soʻnggi 24 soat ichida yana 1798 yangi holat qayd etilgan va jami kasallangan soni 58253 nafarga yetgan. Virus tufayli 264 kishi hayotdan koʻz yumgan.

Qirgʻizistonda esa yana 719 kishi virus aniqlandi va jami kasallangan soni 10 629 kishiga yetdi. Mamlakatda 132 kishi ushbu infeksiyadan vafot etgan.

Tojikistonda kasallikni yuqtirganlar soni 46 kishiga koʻpayib, jami infeksiya bilan zararlangan soni 6552 kishiga yetdi. Virus tufayli 55 ta oʻlim qayd etilgan.

Afgʻonistonda yana 85 kishida infeksiya tasdiqlangan va jami kasallan soni 34 451 kishi yetdi. Soʻnggi 24 soat ichida kasallikdan 16 kishi vafot etgan va jami qurbonlar soni 1010 kishi yetdi.

Oʻzbekistonda 12-iyul kuni 484 holatda kasallik qayd etildi va jami kasallik aniqlangan soni 12 997 kishiga yetdi.

Kun davomida 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi va jami qurbonlar soni 60 nafarga yetdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 12997 nafar bemordan 7852 nafari sogʻaygan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер