Dunyoda koʻkrak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish mumkin — JSST

16:01 07 Fevral 2023 Dunyo
836 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, hozir dunyoda har besh erkakdan biri va har oltinchi ayol hayotining qaysidir qismida saratonga chalinish ehtimoli bilan yashamoqda.

Eng yomoni, ushbu kasallik Yer yuzida bevaqt hayotdan koʻz yumish holatlarining eng keng tarqalgan ikkinchi omilidir. Koʻkrak bezi saratoni esa sayyoramizda ayollar oʻlimi sabablari orasida birinchi oʻrinni egallaydi.

Xalqaro tashkilotlar bu global xatar bilan samarali kurashish mumkin, degan xulosada. Jumladan, BMT 2040-yilga kelib, koʻkrak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish yuzasidan yangi tashabbusni ilgari surdi.

JSST esa bu boradagi ezgu saʼy-harakatlarga rahbarlik qilishni oʻz zimmasiga oldi.

Tashkilot bayonotida keltirilishicha, dunyoda har yili 2,3 milliondan ortiq ayolga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyiladi. Taraqqiy etgan mamlakatlar 40 yoshdan oshgan ayollar oʻrtasida bu xastalikdan oʻlim koʻrsatkichini 90 foizga kamaytirishga muvaffaq boʻlmoqda.

Ammo baʼzi iqtisodiy qoloq davlatlarda kasallik diagnostikasi va muolajasi koʻlami cheklangan. Shu bois ularda koʻkrak bezi saratonidan omon qolish darajasi 50 foiz va undan kam.

Maʼlumotlarga koʻra, ushbu dard asosan 45-65 yoshda rivojlanadi. Ayni sababdan bu yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan oʻtkazib turish zarur.

Yurtimizda ham mazkur yoʻnalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kelgusida har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimiz shunday tekshiruvlar bilan qamrab olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер