Dunyoda ilk bor robot texnologiyasi yordamida jigar transplantatsiyasi oʻtkazildi
Qoʻshma Shtatlardagi ilgʻor klinikalardan birida jahon tibbiyot amaliyotida birinchi marta robot texnologiyasi yordamida jigar transplantatsiyasi oʻtkazildi.
Oltmish yoshli bemor gepatit C tufayli kelib chiqqan jigar sirrozi va saraton kasalligidan aziyat chekayotgandi.
Operatsiyani deyarli toʻliq robot-jarrohning oʻzi uddaladi. Bosh xirurg esa “temir shifokor” ning harakatlarini yaqin atrofdagi konsoldan nazorat qilib turdi.
“Transplantatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi, — deydi jarayonga boshchilik qilgan mutaxassis doktor Odil Xon. — Muhimi, koʻchirib oʻtkazilgan jigar darhol ishlay boshladi va bemor hech qanday asoratlarsiz dardidan xalos boʻldi”.
Mazkur klinikada oʻtgan qisqa davrda robot texnologiyasi yordamida 30 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi va oʻt yoʻllari, oshqozon osti bezi hamda oshqozon bilan bogʻliq boshqa yuqori texnologik muolajalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ammo ekspertlar “aqlli qurilma” tomonidan bajarilgan jigar koʻchirib oʻtkazish amaliyotini muhim voqelik deb eʼtirof etmoqda. Chunki anʼanaviy usulda bu oʻta murakkab operatsiyani bajarish uchun qorin boʻshligʻida 10 va 40 santimetrlik ikkita kesma hosil qilinadi.
Robot texnologiyasi uchun esa 1,5 va 15 santimetrdan iborat kichik kesma yetarli. Bu esa jarohatlarning tez bitishini taʼminlaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring