Dunyoda eng keng tarqalgan virusga qarshi vaksina oʻylab topilmoqda

13:18 01 May 2024 Dunyo
523 0

Yer yuzi aholisining deyarli 95 foizi Epshteyn-Barr virusi (EBV)ning tashuvchisi hisoblanadi. Ammo ularning aksariyati oʻzida bu virus borligini umri davomida bilmasligi mumkin. Lekin EBV immunitet tushishi sababli “bosh koʻtarganida” yuqumli mononukleoz, skleroz va saratonning baʼzi turlari, xususan, Berkitt limfomasi rivojlanishining asosiy sababchisi boʻladi.

EBV gerpesning bir turi (4-toifa odam gerpes virusi) boʻlib , asosan bolalik yoki oʻsmirlik davrida yuqadi. Koʻpincha kasallikka uchragan odam buni sezmasligi ham mumkin, chunki virus hech qanday alomatlarsiz tananing hujayralarini zararlaydi, soʻng inson organizmida abadiy qoladi. Virus, birinchi navbatda, infeksiyalarga qarshi kurashish uchun javob beruvchi antitanalarni ishlab chiqarishga masʼul boʻlgan V-limfotsitlari, yaʼni immun hujayralariga hujum qiladi.

Baʼzida virus faollashishi mumkin: bu holda oʻtkir yalligʻlanish kasalligi — yuqumli mononukleoz rivojlanadi. Alomatlariga koʻra u OʻRVIga oʻxshaydi, lekin uzoqroq (bir necha oy) davom etishi mumkin, baʼzan esa xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Afsuski bu virusni davolashning aniq usullari mavjud emas. Olimlar yillar davomida unga qarshi vaksina yaratish uchun koʻp harakat qilishgan, ammo buni uddalay olishmagan.

Yaqinda AQSHning Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti (NIAID) olimlari tomonidan erishilgan natijalar esa bu borada siljish boʻlishiga umid borligini anglatadi. Yangi tadqiqot virusning baʼzi zaif tomonlarini aniqladi va maqsadli davolash imkoniyatlarini ochib berdi.

Natijalar hozircha hayvonlar bilan cheklangan, ammo ular ancha yaxshi koʻrsatkichlarga ega. Agar keyingi tadqiqotlar odamlarda xuddi shunday natijalarni koʻrsatsa, vaksina hali bu virus bilan kasallanmagan insonlar uchun istiqbolli profilaktik chora boʻlishi mumkin. Bu, shuningdek, kasallik yoki transplantatsiya operatsiyasi tufayli immuniteti zaiflashgan bemorlar uchun foydalidir. Chunki bu odamlar, hatto, oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan bu ogʻir kasallik xavfi ostida boʻlishi mumkin.

Maʼlumot uchun: EBV qanchalik keng tarqalgan va uning oqibatlari qanchalar jiddiy boʻlishiga qaramay, uni faqat 1963-yilda doktor Entoni Epshteyn va uning oʻsha davrdagi aspiranti Ivona Barr kashf etgan. Oʻsha paytda bu haqiqiy yangilik boʻlgan, chunki ilgari saratonni qoʻzgʻatuvchi bironta virus aniqlanmagandi. Undan soʻng biz boshqa viruslar, masalan, odam papilloma virusi (OPV) haqida bildik, unga qarshi esa samarali vaksina mavjud. U 2019-yilda yurtimiz profilaktik emlash kalendariga 11-vaksina boʻlib kiritilgan.

Tadqiqot AQSH “Immunity” jurnalida chop etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер