Dunyoda chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash koʻrsatkichlari nega keskin pasaymoqda? JSST bunga izoh berdi

07:10 09 Fevral 2023 Dunyo
1019 0

Foto: Illustrativ foto

Chaqaloq uchun tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar jamlangan, immunoglobulinga boy ona sutidan ham koʻra mukammalroq ozuqa yoʻq. Shu bois u goʻdakni turli infeksiyalardan himoyalaydi, immunitetini mustahkamlaydi.

Ammo JSSTning yangi bayonotiga koʻra, keyingi yillarda goʻdaklarni ona suti bilan parvarishlash koʻrsatkichlari tobora pasayib bormoqda.

Xususan, hozir dunyo boʻyicha olti oygacha boʻlgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. Har ikki yangi tugʻilgan chaqaloqdan biri sunʼiy ozuqa bilan parvarishlanyapti.

Biroq soʻnggi yigirma yil ichida koʻkrak suti oʻrnini bosuvchi sunʼiy mahsulotlarni sotish koʻlami esa taxminan ikki baravar koʻpaygan.

Buni mutaxassislar dunyoda chaqaloqlar uchun moʻljallangan sunʼiy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zoʻr berilayotgani va hatto yolgʻon targʻibot avj olayotgani bilan izohlamoqda.

Oqibatda “farzandingizning durkun va sogʻlom oʻsishiga yordam beradi”, “uyqusini meʼyorlashtiradi”, “turli kasalliklardan himoyalaydi” kabi hiylakor reklamalarga aldanib, sunʼiy aralashmalarni maʼqul koʻrayotgan onalar, afsuski, koʻpayib boryapti.

Shu bois JSST bolalarni olti oylik boʻlguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga toʻlgunicha esa emizishni toʻxtatmagan holda qoʻshimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.

Tashkilot, oʻz navbatida, hukumatlarni bunday mahsulotlar reklamasi va marketingini tartibga solishga chaqirmoqda.

Eslatib oʻtamiz: 2019-yil 23-oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер