Dunyo kulollari Rishton jam boʻlishdi
Foto: Xalq so'zi
Qoʻqon shahrida oʻtkazilayotgan II Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida bugun Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi tashkil etildi.
Xalqaro kulolchilik markazida forumning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda festivalga tashrif buyurgan xorijlik va mahalliy mehmonlar, shuningdek, Turkiyaning Kutaxya shahri hamda qoʻshni Qirgʻizistonning chegaradosh tumanlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Hunarmandchilik festivali va kulollar forumi oʻzaro uygʻun holda boʻlib oʻtayotgani ushbu anjumanga oʻzgacha fayz, shukuh baxsh etayotir,—deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev. —Ishonamizki, ezgu tashabbus kelgusida Qoʻqon festivali koʻlami dunyo boʻylab yanada keng quloch yozishiga xizmat qiladi.
Forum qatnashchilari rishtonlik kulollar mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishib, mumtoz kuy-qoʻshiqlar ohanrabosi, milliy oʻyinlar tomoshasidan bir olam zavq olishdi. Kulolchilik markazidagi ikkinchi qavatda joylashgan kulollar xonadonlari, ustaxona va savdo doʻkonlarini koʻzdan kechirishdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, keyingi yillarda bevosita davlatimiz rahbari eʼtibori va tashabbusi bilan Rishtonda 4 ta kulolchilikka ixtisoslashgan Hunarmandchilik markazi hamda 2 ta kulolchilik mahallasi barpo etildi. Oʻz navbatida oʻnlab turizm obyektlari oʻz faoliyatini boshladi va tuman iqtisodiyotida kulolchilik drayver sohaga aylanib bormoqda.
— Bu yerdagi muhit va manzara ertaknoma,—deydi Yangi Zelandiyadan tashrif buyurgan Laylo Volter. —Kulollarning qoʻl mehnati orqali shunday moʻjizalar yaratilishi juda ham hayratlanarli. Oʻzimni xuddi moʻjizalar oroliga tushib qolgandek his qilmoqdaman. Bundan buyon har yili sayyoh sifatida Fargʻonaga kelish niyatidaman.

Forum davomida jahonning turli qitʼalaridan kelgan kulollar, soha mutaxassislari, olimlar ishtirokida “XXI asr kulolchiligi: anʼanalar va innovatsiyalar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham boʻlib oʻtdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring