Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy jazo choralari yengillashtirilmoqda

15:36 06 Dekabr 2023 Siyosat
474 0

Uchuvchisiz uchadigan apparatlar respublika hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar qatoriga kiradi. Ularni respublika hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, noqonuniy foydalanganlik uchun qonunchilikda jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, bunda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Tahlillar uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish holatlari fuqarolarning qonunchilik talablarini bilmasligi natijasida sodir etilayotganini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, uchuvchisiz uchadigan apparatlar ayrim sohalar va tadbirlarda qoʻllanilishi fuqarolar orasida bunday moslamalardan foydalanish mumkin degan yanglish fikrni uygʻotmoqda.

Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasida respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik oʻrniga maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu kabi huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilmoqda.

Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizga chet ellik sayyohlar oqimini tobora kengaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratishga, pirovardida esa davlatimizning xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari yigʻilishlarida har tomonlama muhokamalardan oʻtkazilgan, Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan edi.

Ayni paytda quyi palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan mazkur loyiha mutaxassislar, ekspertlar ishtirokida maromiga yetkazilib, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritishga tayyorlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер