“Doʻstlik” ordeni – mehr rishtalariga payvasta
Ishxonadan qaytgach, haqiqiy mehnat faoliyatim uyimda – moʻjazgina kutubxonamda davom etadi. Internetni ochib, birinchi galda OʻzA va “Xalq soʻzi” gazetasi saytlarini kuzataman. Talabalarimiz, professor-oʻqituvchilarimiz uchun eng muhim axborotlarni koʻchirib, oʻzimizning saytga joylayman.
Bir mahal OʻzAda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga bayram tabrigi”ni koʻrib dilim yorishib ketdi. Uni oʻzgacha hayajon oʻqib, darhol saytimizga joyladim. Erta-indin yozadigan maqolamga Yurtboshimizning haroratli soʻzlaridan quyidagi baʼzi jumlalarni alohida koʻchirib, qalbimga ham joylab qoʻydim:
“Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, “Temurbeklar maktablari”, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy va innovatsion taʼlim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi”.
“... keyingi ikki yilda mamlakatimizda 35 ta, jumladan, 13 ta xorijiy oliy oʻquv yurti tashkil etildi. Yuzdan ortiq yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda 94 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Ana shunday chora-tadbirlar natijasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi uch yil burungi 9 foizdan 20 foizga oshdi. Biz yaqin kelajakda bu koʻrsatkichni 25 foizga yetkazishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz”.
“Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli Oʻzbekiston yoshlari turli sohalarda oʻz bilim va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etmoqda”.
“Bizning barcha saʼy-harakatlarimiz “Oʻzbekistonda eng obroʻli inson muallim boʻlishi kerak” degan gʻoyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablagʻ, resurs va imkoniyatlar zarur boʻlsa, barchasini safarbar etamiz”.
“Barchamizga ayonki, bugungi kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni toʻgʻri yoʻldan ogʻdirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda.
Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida barchamiz birgalikda kurashmogʻimiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur.
Ayniqsa, bu vazifa barcha boʻgʻindagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz uchun vijdon ishiga aylanishi kerak”.
Soʻnggi iqtibosni takror-batakror oʻqidim. Bir-ikki jumlada talabalarimga oʻtadigan “Axborot-psixologik xavfsizlik” fani uchun metodologik asos uchun yetarli fikrlar oʻz ifodasini topgan. Joylarda oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham koʻpincha shu mavzuda soʻz yuritaman.
Birozdan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Odatimga koʻra, Farmonni ham koʻchirib, saytimizga joylashtirdim.
Sogʻliq biroz zaiflashgani bois toliqqanim sezildi. Bu Farmonni ertaga bafurja oʻqishga qaror qilib, koʻrpamga choʻzildim. Tun allamahal boʻlganiga qaramay telefonimga SMS kela boshladi. Yotgan joyimda ochib qarasam, “Doʻstlik” ordeni muborak boʻlsin!” degan qutlovlar!..
Hayajon bilan kompyuterni yoqdim. Chindan ham aziz Yurtboshimning tarixiy farmonida kamina “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganimni oʻqib, koʻzimdan olov chiqib ketdi. Yurak qurgʻur shu qadar hapqirib ketdiki, vujudimda bemorlik, darddan asar ham qolmay, oʻzimni tamomila sogʻaygandek his etib, zabardast askardek oyoqqa turdim. Aziz va mehribon Yurtboshim otam kabi boshimni silagandek dildan ajib bir mehrni tuydim.
Farmondagi “Mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni oʻrgatish yoʻlidagi koʻp yillik samarali mehnati, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol avlodni shakllantirish borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilarga faxriy unvonlar berilsin” degan otashin soʻzlar qalbimga olam-olam gʻurur-iftixor tuygʻusini baxsh etdi.
Erta tongdan aziz Ustozlarim – OʻzMU rektori Avazjon Marahimov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati rahbari Farhod Babashev, “Xalq soʻzi” Bosh muharriri Oʻtkir Rahmatov, uning oʻrinbosari Shuhrat Jabborov, OʻzA Bosh direktori Abdusaid Koʻchimov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid, “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Shuhrat Jalilov, OʻzMU prorektorlari Davlatboy Jumaboyev, Gʻolibjon Botirov, Rahima Shirinova, qadrdon hamkasb-doʻstlarim Rustam Musurmon, Farmon Toshev, Umida Fayziyeva, Oʻrol Gʻoyimov, Sharofiddin Toʻlaganov, mening kamolga shundoq yetishimda eng koʻp Ustozlik qilgan Shavkat Miralimov, Jurfakdan barcha hamkasblarim ketma-ket tabrikladilar.
Bayramdan ilgariroq Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Ikrom Boʻriboyev, Yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimlari Nodir Jonuzoq, Abdurauf Eshimqulov, Sherzod Irzoyev, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakim, uyushma masʼul xodimlari Xolmurod Salimov, Shuhrat Roʻziyev, Jobir Xoʻjaqulovlar hol soʻrab uyimga kelganlaridan juda xursand boʻlib yurgandim.
Davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor boʻlganlar qatori 30-sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligiga taklif etildik. Poytaxt shahrimiz hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirar ekan. muhtaram Prezidentimiz sovgʻasi sifatida bittadan televizor ham ulashdilar!
Oʻtgan yili xuddi shu kunlarda jarrohlik operatsiyasidan keyin toʻshakka mixlanib yotganimda holimdan xabar olish uchun masʼul xodimlarini sovgʻa-salomlar bilan xonadonimga yuborgan va yurakka dalda beruvchi “Bayram tabrigi” ham yoʻllagan hurmatli poytaxt shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga samimiy minnatdorchiligimni izhor etdim.
Keyin poytaxtimizdagi “Navroʻz“ madaniyat va istirohat bogʻida Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan oʻqituvchi va murabbiylar uchun tashkil etilgan saylga yoʻl oldik.
Bir mahal Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan sovgʻa-salomlar bilan xonadonimga kelishayotgan isteʼdodli shoirlar Nodir Jonuzoq va Orif Toʻxtash qoʻngʻiroq qildilar. Bayram tadbirida ekanligimni aytgandim, ular oilamiz aʼzolarini tabriklab, sovgʻa-salomlarini berib ketishibdi.
1-oktyabr kuni isteʼdodli sobiq talabalarim – hayotda munosib oʻrnilarini topgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari Baxtiyor Yoqubov, Anvar Samadov, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi Bekzod Shukurov, “Xalq soʻzi“ gazetasi Adabiy kotibi Shavkat Ortiqov, OʻzA bosh muharriri Matnazar Elmurodov, “Yoshlik“ jurnali bosh muharriri Faxriddin Hayit, “Oila davrasida“ gazetasi bosh muharriri Husniddin Berdiyev, Olmazor tumanidagi “Jiydali” mahallasi raisi Oynisa Bobonova masʼul xodimlari bilan meni kasb bayramimiz va yuksak mukofot bilan tabriklab xonadonimga kelganlarida boshim osmonga yetdi.
Prezidentimizga va barcha insonparvar, mehribon Ustozu shogirdlar hamda mehridaryo doʻstlarimga bir umr taʼzimdaman.
Toʻlqin ESHBEK,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi
Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti,
“Doʻstlik” ordeni sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring