Dorivor oʻsimlikning tabiiy tarqalgan maydonlari nega qisqarib bormoqda?

18:56 13 Mart 2023 Jamiyat
622 0

Joriy yilning 13-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda deputatlar tomonidan dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama etildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Biroq, eksportbop va yuqori qiymatga ega hisoblangan kavrak xomashyosidan nazoratsiz, rejasiz va notoʻgʻri foydalanish natijasida kavrak dorivor oʻsimligining tabiiy tarqalgan maydonlari qisqarib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi oʻsimligining tabiiy populyatsiyasi, takror koʻpayishi va qayta tiklanishini taʼminlash maqsadida joriy yildan boshlab uch yil muddatga tojik kavragidan foydalanishga moratoriy joriy etildi.

Deputatlar tomonidan qayd etilganidek, mazkur farmonda keltirilgan talablardan kelib chiqib, qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda yanada takomillashtirildi. Ishchi guruh yigʻilishlarida partiya fraksiyasi vakillari oʻzlarining taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Qonun loyihasi qabul qilinishi yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligini saqlab qolish va muhofaza qilish samaradorligini oshirishga, Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga uning doimiy egaligida boʻlgan yaylov yerlarda kavrakni yigʻish (gʻamlash) va chetga olib chiqish uchun ruxsatnoma berish tartibini takomillashtirishga xizmat qiladi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Shundan soʻng yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер