Dori xavfga aylanishi kerak emas

19:21 22 Dekabr 2023 Jamiyat
573 0

Aholini sifatli, samarali va xavfsiz dori-darmon bilan taʼminlash sogʻliqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan sanaladi. Bu borada yurtimizda koʻplab meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Lekin dori vositalarining reklamasi, ularning savdosi va qoʻllanilishi borasida qonunchiligimizda ayrim boʻshliqlar koʻzga tashlanmoqda. Yechimini kutayotgan muammolar ham yoʻq emas. Xususan, dori vositalari reklamasi turli koʻrinishlarda avj olayotgani, baʼzi shifokorlar tomonidan bemorlarga asosan qimmat dori vositalari tavsiya qilinayotgani, dori vositalari narxlari sunʼiy oshib ketayotgani bor gap.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yangi qonun tashabbusini ilgari surishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Yaqinda boʻlib oʻtgan ishchi guruh yigʻilishida deputatlar, partiya faollari va soha mutaxassislari dori vositalari reklamasi, shifokorlarning kasbiy masʼuliyati, dorixonalar faoliyati bilan bogʻliq muhim yoʻnalishlarda yangi qonun tashabbusini ilgari surish masalasini atroflicha muhokama qildilar.

Oʻzbekiston XDP Saylovoldi dasturida dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasiga alohida oʻrin berilgan. Partiya fraksiyasi sohaga doir qonunlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil oʻrganib bormoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham qator murojaatlar tushmoqda.

Misol uchun, oddiygina shamollash yoki grippga 10 ga yaqin dori yozib beriladi. Bu tibbiy jihatdan qanchalar toʻgʻri? Bilamizki, bir insonning organizmi bir vaqtning oʻzida shuncha preparatni qabul qila olmaydi. Ularning qaysidir biri aks taʼsir qilishi, boshqa biror organni zararlashi ham mumkin.

Yana bir tomoni, yozib berilayotgan ayrim dorilarning narxi juda qimmat. Aytaylik, shifokor sizga 10 tadan kam boʻlmagan miqdorda dori roʻyxatini beradi. Tabiiyki, shifoxona atrofidagi dorixonalarga kirasiz va qimmat narxdagi mahsluotlarni sotib olishga majbur boʻlasiz. Afsuski, har doim ham ularning samarasi kutilgandek boʻlmaydi. Deputatlar bunday holatlarni kasbga xiyonat va aholining choʻntagiga kattagina iqtisodiy zarar, deb baholadi.

Ikkinchi tomoni, shifokorlarning qimmat dorilar yozishidan qochgan bemor kelasi safar oʻz bilganicha davolanishga urinadi. Tabiiyki, bunda OAVda reklama qilinayotgan dorilardan najot kutadi. Ularning tezda taʼsir qiluvchi vosita ekaniga ishonib, mahsulotni sotib oladi. Ayrim paytlarda bilib-bilmay, notoʻgʻri qoʻllanilgan dorilar inson oʻlimiga ham sabab boʻlishi mumkin.

Fraksiya aʼzolari aynan shuning uchun ham xalqaro talablarga mos ravishda dorilar savdosi va reklamasi bilan bogʻliq meʼyorlarni oʻzgartirishni zarur, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi hamda Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi hamkorligida dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Quyi palata deputati Qizilgul Qosimovaning fikricha, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari ilgari surayotgan mazkur qonunchilik tashabbusi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishi bilan ahamiyatlidir. Zero, dori vositalari insonning dardiga shifo boʻlishi kerak. Ularning sogʻliqqa xavf, gʻirrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер