Doniyor Gʻaniyev: Evroosiyo iqtisodiy ittifoqining kelajagi bormi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi qay yoʻsinda boshlanishiga doir yakuniy qaror qabul qilish uchun yalpi yigʻilishi oʻtkazilishi kutilmoqda.
Ittifoq bilan hamkorlikning shakli boʻyicha oʻz pozitsiyamni maʼlum qilishdan oldin, YEOIIning istiqboli va kelajakdagi roli yuzasidan oʻz tahliliy fikrlarimni boʻlishmoqchiman.
1-variant: Oʻrta va uzoq istiqbolda oʻz ahamiyatini yoʻqotish.
Garchi Ittifoq paydo boʻlganiga 10 yildan oshgan boʻlsa ham (Bojxona Ittifoqi sifatida hamkorlik 2010-yilda boshlangan), haligacha sezilarli yutuqlarga erishilmadi. Aksincha, aʼzo davlatlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar koʻpaymoqda (Rossiya va Belarus orasidagi kelishmovchiliklar misolida koʻrish mumkin), Ittifoq ichidagi vaziyat ham taranglashgandek tuyulmoqda.
Shu bois, YEOII cheklangan hamkorlik aloqalarini saqlab qolgan holda xuddi MDH kabi mintaqadagi yana bir ahamiyatsiz tashkilotga aylanishi mumkin.
2-variant: Yangi aʼzo davlatlar hisobiga kengayib, xalqaro maydonda kuchli tashkilotlardan biriga aylanish.
Rossiyaning Gʻarb dunyosi bilan siyosiy aloqalari normallashib, unga nisbatan qoʻyilgan sanksiyalar bekor qilinishi ortidan xalqaro maydonda YEOIIga nisbatan ijobiy qarashlar shaklanishi, dunyoning yetakchi davlatlari, tashkilotlari va Ittifoq oʻrtasida iqtisodiy, savdo va investitsion hamkorlik kengayishi hamda tashkilotga yangi aʼzolar, jumladan, Oʻzbekiston va Tojikiston qoʻshilish ehtimoli ham yoʻq emas. Lekin Rossiya hukumatining oxirgi yillardagi siyosati va harakatlari va baʼzan qoʻshni davlatlarning “suverenitet” qadriyatlarini inkor qilishidan (Ukraina va Gruziya) kelib chiqib xulosa qilinadigan boʻlsa, bu variantni amalga oshish ehtimoli juda-juda past.
3-variant: Xitoy ishtiroki va taʼsiri doirasidagi boshqa bir integratsiya/tashkilotga qoʻshilib yoki birlashib ketish.
Oxirgi yillarda Xitoyning mintaqadagi roli faollashgani hech kimga sir emas. Natijada bugun Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy savdo hamkori va mintaqa davlatlari ishlab chiqaradigan neft-gaz mahsulotlarining eng katta xaridori, shuningdek, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi orqali mintaqaning eng katta sarmoyadoriga aylandi. Qolaversa, Ittifoqning barcha davlatlari Xitoy bilan birga SHHT faol ishtirokchisi ekanligi va SHHT doirasida ham aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik va integratsiyaga urgʻu berila boshlangani inobatga olinsa, uzoq istiqbolda Ittifoqning SHHTga qoʻshilib yoki birlashib ketish ehtimoli ham yoʻq emas.
Yuqoridagi 3ta variantdan, fikrimcha, 1-variantning hayotda oʻz isbotini topish ehtimoli katta. Qolaversa, EOIIda kuchlar tengligi taʼminlanmaganligi (Evropa Ittifoqidan asosiy farqi ham shunda menimcha), yaʼni Rossiyaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan tashkilotda mutlaq dominant pozitsiyaga egaligi Ittifoqning kelajakda muvaffaqiyatga erishishi qiyinligining asosiy sabablaridan biri, deb hisoblayman.
Garchi, iqtisodiy nazariyadan kelib chiqib, integratsiya va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tarafdori boʻlsam-da, lekin yuqoridagi sabablarga koʻra men hozirgi holatda EOII bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyilishiga va Oʻzbekistonning Ittifoqqa aʼzo boʻlishiga qarshiman.
Lekin shu bilan birga bir narsani unutmaslik kerak, Rossiya biz uchun muhim strategik hamkor, tabiiy va abadiy omil. Istaymizmi-yoʻqmi, Rossiya bilan ham geosiyosiy ham iqtisodiy jihatdan bogʻlanganmiz. Boshqacha aytganda, Rossiyadek katta, qudratli va boy davlat bilan imkon qadar diplomatik yoʻl tutib, kelishib yashash bizning iqtisodiy-siyosiy manfaatlarimiz uchun muhim. Shu bois, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikni yoʻlga qoʻyilishi pragmatik va diplomatik qaror, deb hisoblayman.
Kuzatuvchi maqomi bizga tashkilotni kelajakda qaysi tomonga qarab yoʻnalish olganini kuzatib borish, hamkorlikning mamlakatga ehtimoliy oqibatlarini aniq hisob-kitoblar qilish hamda shu asosda aʼzolikni milliy manfaatlarimizga mos yoki zidligi borasida xulosa qilish imkoniyatini beradi.
Doniyor GʻANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring