Donald Trampga impichment eʼlon qilindi
AQSH Vakillar palatasi prezident Donald Trampni hokimiyat vakolatlarini suiisteʼmol qilish (Ukraina bilan munosabatlarda) va Kongress faoliyatiga toʻsqinlik qilishga urinishda ayblab, uni lavozimidan chetlatish uchun ovoz berdi.
AQSHda impichment eʼlon qilish huquqi Kongressda, uni amalga oshirish yoki oshirmaslikni hal qilish esa Senat ixtiyorida. Endi Trampning ishi Senatda koʻrib chiqiladi, bunga AQSH Oliy sudi raisi rahbarlik qiladi, shu tufayli amalda Senat sud vakolatlarini bajaradi.
Vakillar palatasida demokratlar koʻpchilikni tashkil qilgani tufayli impichment yetarli ovoz olishi taxmin qilinayotgan edi va bu oʻzini oqladi. Senatda esa koʻpchilik respublikachilar va u yerda impichmentni Senatning 2/3 qismi qoʻllab-quvvatlasagina oʻtishini inobatga olib, impichment amalga oshmasligi ehtimoli yuqori.
Senatdagi jarayonga Vakillar palatasiga koʻrsatma berishdan bosh tortgan amaldorlar kelishga majbur boʻladi va ularning koʻrsatmalari vaziyatni oʻzgartirishi mumkin. Ammo baribir impichment Senatdan oʻtishi ehtimoli juda past.
AQSH tarixida shu paytgacha impichment eʼlon qilingan ikki prezident - Endryu Jonson va Bill Klinton ham aynan Senatdagi ovozlar tufayli oʻz lavozimida qolgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring