Diplom choʻntakda… Kelajak qoʻlda… Xayolda nima?

13:17 16 Noyabr 2020 Jamiyat
1610 0

Sessiya… qayta topshirish… stipendiya…Talabalikning oltin davrini bildirib turuvchi soʻzlar. Kimdir stipendiya olish uchun intiqlik bilan kutgan kun ham keladi. Kimdir uchun esa oshib boʻlmas dovondek tuyuladigan sessiya payti ham keladi. Talabalikning qizigʻi ham shunda-da! Ayniqsa, oraliq imtihonlarida kutubxonadan chiqmasdan tayyorlanishlarga nima yetsin?! “Copy” — “Paste” usulini aytmasa ham boʻladi. Talaba bu ulkan iqtisodchi: u stipendiyasini shunday tejamkorlik bilan ishlatadiki, dunyo iqtisodchilari oʻzbek talabalaridan oʻrnak olsa boʻladi, master darslarida qatnashsa boʻladi.

Talaba… Bu soʻz Oʻzbekiston kelajagi demakdir. Oʻzbekistonning keyingi taraqqiyotini belgilab beradigan asosiy omil demakdir. Talaba jamiyat taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi. Har bir millatning intellektual salohiyat darajasini belgilab beradi. Talaba shunday shaxski, u hattoki davlat tuzumini, siyosatini oʻzgartira olishdek kuchga ham ega. Bunga tarix guvoh!

Oʻzbekiston oʻz oldiga iqtisodiy va siyosiy barqarorlikka erishish, iqtisodiy sohani innovatsiyalarga asoslangan holda rivojlantirish vazifasini oʻz oldiga qoʻygan ekan, bu maqsadlarga talabalarsiz amalga oshira olmaydi. Buni tan olasizmi yoki yoʻq, inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir.

Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyot sharoitida iqtisodiy hukmronlikka erishish ehtimoli oʻtgan asrga nisbatan yuqori koʻrsatkichni tashkil etgan boʻlib, taʼlimni rivojlantirish va bu sohaga alohida eʼtibor berish orqali bu maqsadni amalga oshirishga dastlabki qadam qoʻyilgan boʻlsa ajab emas.

Lekin, shunday boʻlsa hamki, talabalar uchun ajratilayotgan moliyaviy va siyosiy eʼtibor koʻlami rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan past koʻrsatkichni tashkil etib kelmoqda. 

Tan olish kerakki, Oʻzbekistonda davlat byudjetidan har bir talabaga toʻgʻri keluvchi xarajat Rossiyaga nisbatan 2-marta, Turkiyaga nisbatan 3-marta, Malayziyaga nisbatan 7-marta kam. 2000-yildan beri oliy taʼlimni moliyalashtirishning umumiy miqdorida davlat gʻaznasidan xarajatlar 60 foizdan 35 foizgacha kamaydi. Davlat xarajatlari kamayishi bilan oliy oʻquv yurtlari koʻproq taʼlim uchun toʻlovlar hisobiga moliyalashtirishga oʻtmoqda.

Talabalarga berilayotgan stipendiyalar miqdori qancha deb oʻylaysiz? Shaxsan, biz davlatning oliy taʼlimga berayotgan eʼtiborini baholashning bir faktori sifatida oliy taʼlimning ajralmas va muhim boʻlagi hisoblangan talabalarga berilayotgan stipendiya miqdorida deb bilamiz. Keling, talabalar uchun toʻlanadigan stipendiya miqdorini tahlil qilamiz!

Birinchidan, taʼkidlash joizki, bu borada Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga toʻlanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda qayd etilishicha, 2019 — 2020 oʻquv yilidan boshlab:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida oliy taʼlim muassasalarida davlat granti va stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida taʼlim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming soʻm), shuningdek, “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ega boʻlgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan qoʻshimcha 15 foiz miqdorda toʻlangan; toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish uchun talabalarga ularning oʻz xohishlariga koʻra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda toʻlash tartibi joriy etilgan. Bunda stipendiyali toʻlov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilgan. Bular, albatta, sinov asosida edi.

Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash boʻyicha 2019/2020 oʻquv yilining birinchi semestrida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning 2020-yil 1-fevraldan boshlab quyidagilarni joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berildi. Unga koʻra, oʻquv semestri yakuni boʻyicha fanlardan faqat “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga (reyting koʻrsatkichi - 86 ball va undan yuqori) ega boʻlgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilandi.

Lekin, oʻzingiz oʻylab koʻring: koʻp miqdordagi kontrakt toʻlovini toʻlayotgan talaba uchun 515 000 soʻm uning oʻquv qurollariga yetadimi yoki kunlik yashashigami? Agar talaba Toshkentda tahsil olayotgan boʻlsa oʻlganning ustiga tepgan boʻladi: uyidagilardan ayovsizlarcha yana pul soʻrashga majbur boʻladi. Vaholonki, xorijda talabalar ota-onasidan mutlaqo mustaqil yashayotgan bir paytda bizda talaba hali-hamon ota-onasining hisobiga kun kechirsa-ya!

Xususan, Oʻzbekiston oliy taʼlimi tizimida xarajatlarning joriy taqsimoti oliy taʼlim sifati yuqoriroq boʻlgan mamlakatlarga mos kelmay qolishini, bu esa oʻz navbatida oliy taʼlim muassasalari moddiy- texnik bazasining nochor ahvolga tushib qolishi bilan asoslantirilgan holda shunday qilishganligi aniq.

Shu yerda taklif sifatida shuni keltirib oʻtish joizki, oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini-oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish kerak. Quvonarlisi, bu jarayonni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.

OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnika bazasi yetarli darajadaligi, taʼlim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi inobatga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi qarori bilan 2020-yildan boshlab ayrim OTMlar bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtishi belgilangan.

Xususan, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimi oʻz samarasini bermoqda deb hisoblash oʻrinlidir. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti ham oʻzini oʻzi moliyalashtiradigan universitetlar roʻyxatida boʻlib, bu universitet talabalari uchun bir qator moliyaviy mustaqillikni berib kelmoqda. Misol uchun universitet rektori tashabbusi bilan karantin sharoitida talabalarning vaqtini unumli oʻtkazish maqsadida tanlov oʻtkazilgan boʻlib, har bir nominatsiya boʻyicha jumladan, “Universitet madhiyasini yarataman” nomli tanlov gʻolibi uchun 4 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti joriy qilingan. Bundan tashqari, qolgan toʻrtta tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar uchun 1 million soʻm miqdoridagi pul mukofotlari joriy qilingan edi.

Aynich chogʻda, har oyda universitet bosqichida talabalar uchun turli xil tanlovlar tashkil qilinib, gʻoliblar pul mukofoti bilan taqdirlanib kelinyapti. Shuningdek, “Talabalarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining buyrugʻida universitetda yoshlar bilan ishlash hamda maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan loyiha va tanlovlarni samarali tashkil etishda faol ishtirok etib, universitet faoliyat samaradorligini oshirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan, talabalar festivali doirasida oʻtkazilgan tanlovlarda faol qatnashgan talabalarni moddiy jihatdan ragʻbatlantirish nazarda tutilgan edi. Bu esa oʻz navbatida universitet talabalari uchun moliyaviy mustaqillikni berib kelmoqda.

Koʻrinib turibdiki, talabalarni moddiy jihatdan ragʻbatlantirish har tomonlama universitetda mavjud boʻlgan moddiy va texnik bazaga bogʻliq boʻlib, bu tizim barcha universitetlar uchun joriy etilishi lozimligini koʻrsatib beradi.

Ikkinchidan, talabalarga universitet tomonidan xizmat koʻrsatish qay darajada tashkil etilganligi ham oliy taʼlim tizimining sifatini belgilab beradi. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida ilk marotaba talabalarga xizmat koʻrsatish markazi tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunga qadar bu markaz minglab talabalarga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Taʼkidlash joizki, tashkil etilgan markaz talabalarga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatadi hamda ularning universitet tarkibiy boʻlinmalari va professor-oʻqituvchilari bilan uzviy aloqasini taʼminlaydi. Mazkur markazda talabalarga taʼlim jarayoni boʻyicha maslahat (konsultatsiya) va akademik oʻquv jarayoniga oid axborot yordami berish, ularning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish, turli maʼlumotnomalar berish xizmatlari yoʻlga qoʻyildi.

Bu tajriba, yaʼni talabalarga xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish boshqa universitetlar oʻquv jarayonida ham tashkil etilishi lozim.

Uchinchidan, talaba oliy taʼlim muassasasiga (OTM) oʻqishga kirganidan soʻng u yerda aynan qaysi fanlarni oʻrganishni qisman boʻlsa-da oʻzi tanlashi mumkinligini hech tasavvur qilganmisiz? Yoki har bir oʻqituvchi semestr boshida talabalarga oʻz fani boʻyicha yozma dastur «sillabus» taqdim etib, unda ushbu fan nimalar haqida ekanligi, uning talabaning mutaxassis boʻlib shakllanishidagi roli, semestr davomida oʻrganiladigan mavzular roʻyxati, talabalar foydalanadigan adabiyotlar roʻyxati, baholash mezonlari haqida batafsil tushuntirib, shundan keyingina darslarini boshlashini-chi? Bu talabalar uchun biroz erish tuyilishi mumkin, albatta. Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida yangi qadam qoʻyishning vaqti kelganligini isbotlaydi. Bu kredit-modul tizimi deb nom olgan boʻlib, talabalarning bilim olishi, ularning oʻz kasbining ustasi boʻlib yetishishida salmoqli oʻrin egallaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi"ga koʻra mamlakatdagi OTMlarning 85 foizi 2030-yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtishi rejalashtirilgan. Bu yaqin yillar davomida mamlakatdagi deyarli barcha OTMlar kredit-modul tizimida faoliyat yurita boshlashidan darak beradi.

Savol tugʻilishi tabiiy: bu tizim qanday ishlaydi? Oʻzbekiston Respublikasida bunday tizim asosida taʼlim olib kelayotgan talabalar soni qanchani tashkil etadi? Bu tizim qanchalik oʻz samarasini berishi mumkin? Bu tizim hozirda oliy taʼlim tizimida mavjud boʻlgan kamchiliklarni bartaraf eta oladimi yoki yoʻq?

Shu oʻrinda kredit-modul tizimi asosida talabalarga taʼlim berib kelayotgan universitet sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻrnak boʻla oladi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq. Jumladan ushbu qarorning 2-bobi “Talabalar bilimini nazorat qilish turlari” deb nomlangan boʻlib, 5-bandida quyidagi norma keltirilgan:

“Modulning nazorat jadvallari, nazorat turlari va shakllari, nazoratlar soni hamda oraliq va yakuniy nazoratlar uchun belgilangan maksimal va saralash ballari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron taʼlim platformasiga oʻquv semestri boshlanishidan oldin kiritiladi hamda pedagog xodim tomonidan birinchi mashgʻulotda talabalarga eʼlon qilinadi”.   

Bu oʻz navbatida TDYUda kredit-modul tizimining asosiy talablaridan biri hisoblangan elektron taʼlim platformasi mavjudligining isbotidir.

Ushbu qarorning 6-bobi “Nazoratning obyektivligini taʼminlash” deb nomlangan boʻlib, unda quyidagi asosiy tartib keltirib oʻtilgan:

“Yakuniy nazoratni oʻtkazishda baholarning xolisligini taʼminlash maqsadida talabalar tomonidan bajarilgan ishlar elektron taʼlim platformasi tomonidan avtomatik ravishda identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlanadi”.

Bu esa oʻz navbatida taʼlim tizimida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Talabaning oʻqish yuklamasining bu tarzda auditoriya va mustaqil oʻqish soatlariga ajratilishi yana OTMlar kutubxonalarida sharoitlarni yaxshilash, katta oʻqish zallarini tashkil etish, xorijiy tillarda chop etilgan nufuzli sohaviy adabiyotlarni ommaviy tarzda tarjima qilish, yaʼni sifatli oʻquv qoʻllanmalari koʻlamini yana-da kengaytirishni taqozo etadi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish uchun yetarlicha huquqiy baza shakllangan boʻlib, ijro tizimiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, asosan, talabalarga moliyaviy mustaqillik berish, oliy taʼlim muassasalarida mavjud boʻlgan moddiy texnik bazasini mustahkamlash, oʻzini oʻzi moliyalashtiradigan tizim joriy qilish, oliy taʼlim muassasalarini kredit-modul tizimiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Zero, bu orqali diplom choʻntakda, kelajak qoʻlda, xayolda nima deyishga imkon ham qolmaydi. 

Oyshajon Ametova,
TDYUU Xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi,
Shahrizoda Mamasoliyeva,
TDYUU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер