Diniy bagʻrikenglikning amaldagi inʼikosi

11:11 24 Sentyabr 2020 Jamiyat
2159 0

Kuni kecha dunyo afkor ommasining butun eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqiga qaratildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Chunonchi, davlatimiz rahbari oliy minbardan turib: “Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, deya taʼkidladilar.

Darhaqiqat, soʻnggi bir yilda mamlakatimizda 15 dan ziyod yangi jome masjid ochilib, shu bilan masjidlar soni 2070 dan oshib ketdi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiya markazi, Tasavvuf, Fiqh, Aqida maktablari ish boshlagani haqida toʻxtalib oʻtirmoqchi emasmiz.

Aslida, 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari bir diyorda tinch-totuv yashayotganining oʻzi diniy bagʻrikenglikning amaldagi inʼikosidir. “Diniy bagʻrikenglik” tushunchasi kecha yoki bugun paydo boʻlgan soʻz emas. Islomning ilk davrlaridayoq ushbu tushunchaga asos solindi. Ahmad Lutfiy Qozonchining Islom tarixini goʻzal tarzda yoritib bergan “Saodat asri qissalari” kitobida bunday maʼlumotlar keltiriladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madina xalqini, yaʼni musulmoniyu musulmon boʻlmagan barchasini bir tan, bir jon etmoqqa niyat qildilar. Bu bilan tashqaridan kutilayotgan hujumlarga qarshi Madinaga kuchli ichki osoyishtalik oʻrnatilishi mumkin edi. Yahudiylarning kattalari bilan uchrashdilar. Ikki tomonga foyda beradigan bir shartnoma ularga ham lozim edi. Bu shartnomada: «Musulmonlar va yahudiylarning oʻz dinlarida erkin boʻlishlari; shaharni har qanday hujumlardan birgalashib mudofaa etishlari; bir-birining dushmani boʻlgan biron qabila bilan shartnoma tuzmasligi; qurayshliklarga yordam berilmasligi; zulm va haqsizlik qilganlarni himoya etmasligi; biron kelishmovchilik chiqsa, Rasulullohga murojaat etishlari lozim, degan muhim moddalar bor edi. Madina kechagi kunga nisbatan yana-da quvvatli, yana-da osoyishta holatga keldi. Makkaliklar bilan madinaliklar oʻrtasida doʻstlik vujudga kelishi bilan musulmon boʻlmagan madinaliklar yahudiylar orasiga solishi mumkin boʻlgan fitna-fasodning oldi olingan boʻlsa, butun Madina xalqi qattiq eʼtibor bergan bu shartnoma tufayli tashqi munosabatlarda ham mavqelari xiyla koʻtarildi» .

Ushbu voqeadan bilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻzlari yashab turgan yurtni himoyasi, taraqqiyoti va osoyishtaligi uchun goʻzal bir jamiyatni shakllantira boshladilar. Oʻsha joyda yashaydigan barcha insonlarni dini, irqi, jinsi va millatidan qatʼi nazar, oʻzaro mehr-muhabbatli, bagʻrikeng boʻlishga chaqirib, ularning kattalari bilan shartnoma tuzdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu tadbirlari tufayli vujudga kelgan holatni keltirilgan iqtibosdan bildik.

Ha azizlar! Islom – bagʻrikeng din. Bagʻrikenglikka targʻib qilgan din. Islomda har bir maxluqotning oʻz haqqi bor. Bu huquqlar din va millat tanlamaydi. Islom musulmon kishi uchun har bir insonni haqqini ado qilishga buyuradi. Unga nisbatan goʻzal muomalada boʻlishga chaqiradi. Bu behikmat emas, albatta. Bunday muomalaning hikmati va foydalarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalarning hayotini oʻqigan kishi yaxshi biladi. Oʻsha paytda judayam koʻp ahli kitoblarning Islomga kirishiga aynan bagʻrikenglik, ularga nisbatan qilingan goʻzal muomala, adolatli qarorlar sabab boʻlgan.

Bugun biz yashayotgan diyor ham turli din, turli tuman millat vakillaridan tashkil topgan. Bu jamiyatda yashayotgan har bir musulmon ularga nisbatan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tutgan yoʻlni tutmogʻi lozim. Ulamolar aytadilar: “Kitobiya ayol bilan bir tom ostida yashashni man qilmagan Islom, oʻzga din vakili bilan bir osmon ostida yashashga monelik qilishi mumkin emas”.

Afsuski, baʼzida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yaxshiroq boʻlmagan kishilar, madinalik yahudiylardan koʻra yomonroq boʻlmagan boshqa din vakillariga qoʻpol munosabatda boʻlishlari bilan Paygʻambarimiz asos solgan “Diniy bagʻrikenglik” qonunini buzmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurib ketgan tinchlik, birdamlik, mehr-oqibat binosining gʻishtlarini bitta-bitta koʻchirmoqdalar.

U zot yopib tashlagan, uni ochmaslikni qattiq tayinlaganlari fitnalar, fasodlar, nizolar hamda adovat eshiklarini birma-bir ochmoqdalar. Ularning bu qilmishlari oqibatida musaffo Islom diniga har xil tana va tuhmat toshlari otilmoqda. Bunday harakatdan judayam ehtiyot boʻlmoq kerak. Bu yoʻlda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashmoqlik manfaatlidir.

Chunki Rabbimiz bizlar uchun: «(Ey moʻminlar!) sizlar uchun Alloh va oxirat kunida umidvor boʻlgan hamda Allohni koʻp yod qilgan kishilar uchun Allohning Paygʻambari (iymon eʼtiqodi va hulq atvori) da goʻzal namuna bordir,” (Ahzob surasi, 21-oyat) deb marhamat qilgan.

Muxtasar aytganda, muhtaram Yurtboshimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi avvalgisi, yaʼni 2017-yildagi 72-sessiyasidagi nutqining mantiqiy davomi sifatida koʻplab tashabbuslarga, takliflarga boyligi bilan butun dunyoda alohida eʼtirof etilmoqda. Nutqda Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglikning eʼtirof etilishi dinimiz ravnaqiga xizmat qiladi, inshoalloh.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер