Deputatlik soʻrovining natijadorligi nimaga bogʻliq?
Islohotlarning bugungi bosqichida, shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda parlament taʼsirchanligining oshishi ijro hokimiyati faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratgan edi.
Keyingi yillarda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari yaratildi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Jamoatchilik orasida munozaraga sabab boʻlayotgan dolzarb muammolar yuzasidan masʼul rahbarlarning parlamentga tushuntirish berish tartibi joriy qilindi.
Bundan tashqari, 2019-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarining nazorat-tahlil ishlari samaradorligi sezilarli ravishda oshdi.
Shu bilan birga parlament nazorati samaradorligini yana-da oshirish bilan bogʻliq ayrim muammolar va yetarli darajada foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.
Tahlillar parlament nazoratining muhim shakllaridan biri — deputatlik soʻrovini tayyorlash, yuborish, eng muhimi, uning natijasini koʻrib chiqishda bir qator muammolar yuzaga kelayotganini koʻrsatmoqda.
Fikrimcha, deputatlik soʻrovi instituti hozirgi paytda samarasiz ishlayotganining asosiy sababi qonunchilikdagi boʻshliq bilan bogʻliq. Deputatlik soʻrovini ishlatish amaliyoti notoʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan.
Alohida taʼkidlash lozimki, deputatlik soʻrovini samarasiz boʻlib qolayotgani deputatlarning salohiyatiga taqaladigan masala emas. Deputat – xalqning vakili. Hamma deputat ham huquqshunos emas: biri fermer, biri quruvchi, biri tadbirkor, boshqalari yana turli soha vakillari. Yaʼni, hamma deputat ham tegishli qonun hujjatini tayyorlash koʻnikmasiga ega boʻlmasligi mumkin va tabiiy hol.
Deputatning asosiy vazifasi dolzarb muammoni koʻtarib chiqish, yaʼni gʻoyani berish, deb oʻylayman. Qolgan masalalar, yaʼni deputat koʻtargan muammoni tegishli shaklga keltirish, yuridik nuqtayi nazardan koʻrib chiqib, maromiga yetkazishda tizimli yondashuv boʻlishi kerak.
Qonunchilikka eʼtibor qaratadigan boʻlsak, deputatlik soʻrovi parlament nazorati shakli sifatida belgilangan. Demak, deputatlik soʻrovining tayyorlanishi, yuborilishi va natijasi muhokama qilinishi jarayoniga parlamentdan chiqadigan hujjat sifatida yondashish kerak.
Qonunchiligimizda parlament soʻrovi bilan bogʻliq jarayonlar batafsil belgilangan. Maʼlumki, Qonunchilik palatasi davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan parlament soʻrovi yuborishga haqli.
Parlament soʻrovini yuborish haqidagi taklif palata qoʻmitalari, fraksiyalar, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritiladi. Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi toʻgʻrisidagi qarori loyihasi soʻrov tashabbuskorlari tomonidan Qonunchilik palatasining Spikeriga masalani parlament quyi palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritish uchun yuboriladi.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasiga parlament soʻrovi loyihasi, shuningdek boshqa zarur materiallar ilova qilinadi. Parlament soʻrovi loyihasida soʻrovga javob berishning shakli (ogʻzaki yoki yozma) haqidagi takliflar boʻlishi kerak.
Qonunchilik palatasi parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi. Davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari parlament soʻroviga ogʻzaki javobni Qonunchilik palatasining majlisida palata belgilagan muddatda beradi.
Taklifim – Deputatlik soʻroviga ham xuddi Parlament soʻroviga belgilangan batafsil tartibni joriy qilish, qonunchilikda uning aniq mexanizmini ochib berish kerak.
Bunda deputatlik soʻrovining parlament soʻrovidan farqi, avvalambor, uning tashabbuskorida boʻladi. Yaʼni, parlament soʻrovining tashabbuskori qoʻmitalar, fraksiyalar boʻlsa, deputatlik soʻrovining tashabbuskori deputat boʻladi.
Shuningdek, parlament soʻrovidan farqli ravishda deputatlik soʻrovi, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq boʻladi.
Qolgan mexanizm bir xil boʻlishi kerak. Bunday yondashuv nima beradi?
Birinchidan, deputatlik soʻrovining sifati oshadi. Chunki, deputatlik soʻrovini sifatli tayyorlash uchun masʼuliyat faqat deputatning boʻynida boʻlmaydi. Deputat muammoni koʻtaradi, uni shaklan toʻgʻrilash, chuqur asoslash Qonunchilik palatasining tegishli boʻlim va qoʻmitalari ishtirokida amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, deputatlik soʻrovining salmogʻi ogʻirroq boʻladi. Deputatning soʻrovi loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinib, deputatlik soʻrovi sifatida tan olinib, tegishli xoʻjalik boshqaruvi organlariga yuboriladi. Parlament qarori bilan tasdiqlanib borgan deputatlik soʻroviga nisbatan mansabdor shaxslarning masʼuliyati kuchliroq boʻladi.
Uchinchidan, deputatlik soʻrovining natijadorligi oshadi. Xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputatga emas, parlamentga axborot taqdim etadi, parlament oldida javobgar boʻladi. Ushbu holat, tabiiyki, mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchayadi va pirovard natijada deputatlik soʻrovi samarador boʻladi.
Albatta, bunday tartibga oʻtish deputatlik soʻrovi soni kamayishiga, yalpi majlisda koʻriladigan masalalar koʻpayishiga olib kelishi mumkin. Lekin soʻrovning sifati, taʼsirchanligi, xalqimizga foydasi soʻzsiz oshadi.
Ulugʻbek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring