Deputatlarning tanqidiga nima sabab boʻldi?

17:59 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
193 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi hamda “Respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish holati toʻgʻrisida”gi axborotlari eshitildi.

Dastlab jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan davr mobaynida mazkur sohaga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

Shuningdek, har bir soha va yoʻnalishda fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq oʻrganish, ular yuzasidan qonuniy choralar koʻrishga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Har bir tashkilot rahbarlarining murojaatlar bilan ishlashda shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, vazirlik va uning tizim tashkilotlariga joriy yilning toʻqqiz oyida 299 439 ta jismoniy va yuridik shaxslardan murojaat kelib tushgan. Shundan, 147 682 tasi ijobiy hal etilgan, 135 385 tasiga tushuntirish ishlari berilgan, 2 182 tasi tegishliligi boʻyicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan, qolgan murojaatlar esa koʻrib chiqilmoqda.

Hisobot davrida vazirlik va uning tizim tashkilotlarida murojaatlarini koʻrib chiqishda xato va kamchiliklar hamda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan 154 nafar masʼul xodimga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrilgan.

Eshituvda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb masalalarni hal qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, bu borada yechimini kutayotgan ayrim muammolar borligi ham alohida qayd etildi. Ayniqsa, xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolarning kasbiy malakasini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu ishlar hali talab darajasida emasligi, shu bois, fuqarolarning chet tillarini bilish va kasbiy malaka darajasini oshirishga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi alohida taʼkidlandi.

— Yigʻilishda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha koʻrib chiqdik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova. — Toʻgʻri, berilgan axborotga koʻra erishilgan natijalar, yutuqlar bor. Shu bilan birga, oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham mavjud. Shu bois, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ularni hal qilish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshirish, xususan, murojaatlarni mahallaning oʻzida hal etish choralarini koʻrish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdik.

Shundan soʻng, respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish holati toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator Farmon va qarorlari qabul qilindi.

Shuningdek, aholi bandligini taʼminlashda, mehnat bozorini shakllantirish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bandlik agentligi toʻgʻrisida”gi qonunlari mustahkam huquqiy asos, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Xususan, vazirlik tizimdagi 85 ta monomarkaz va kasb-xunarga oʻqitish muassasalari, shuningdek 200 dan ortiq davlat va nodavlat muassasalarida 98 ming ishsiz va ish qidirayotgan shaxslar kasb-hunarlar, tadbirkorlik koʻnikmalari va xorijiy tillarni oʻrgatish uchun oʻqishga jalb qilingan. Shundan bugungi kunda 57 ming nafari oʻqishni tugatib, ularning 78 foizi ish bilan taʼminlangan.

Eshituvda deputatlar joylarda subsidiyalarning vaqtida berilmayotganligi, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat budjetidan olinayotgan mablagʻlar maqsadli sarflanmayotgani, mehnat bozorining talab va takliflari monomarkaz hamda aholi bandligiga koʻmaklashish boshqarmalari va boʻlimlariga integratsiya qilinmagani, aksariyat ish oʻrni va ishsizlar bilan bogʻliq maʼlumotlar bir biriga toʻgʻri kelmayotganligini tanqid ostiga olishdi.

Deputatlar yangi soha va yoʻnalishlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar tayyorlash, aholi bandligini taʼminlash yuzasidan amaliy takliflar berishdi.

— Kun tartibidagi har ikkala masala ham juda dolzarb. Shundan kelib chiqib, har bir masalani atroflicha muhokama qildik va sohalarda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni berdik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Madina Baratova. — Masalan, deputatlar tomonidan eng koʻp murojaatlar kelib tushayotgan hududlar faoliyatini ishchi guruh tashkil etgan holda oʻrganish va tegishli chora-tadbirlarni belgilash taklifi ilgari surildi. Shuningdek, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi faoliyatiga ijobiy baho berilib, vazirlik vakillariga ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bildirildi.

— Saylov okruglaridan kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismini aholi bandligini taminlash bilan bogʻliq masalalar tashkil etadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova. — Shundan kelib chiqib, murojaatlarga oʻz vaqtida javob qaytarish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish, mehnat bozorining talab va takliflaridan kelib chiqib, mutaxassislar tayyolash boʻyicha bir qator takliflarni berdik. Oʻylaymanki, berilgan takliflar sohada uchrayotgan kamchiliklarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Tadbirda deputatlar vazirlikning vakillariga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini belgilangan muddatlarda sifatli ijrosini taʼminlash yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berdilar.

Deputatlar oʻz okruglaridan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan vazirlik mutasaddilaridan tahliliy javoblar talab qildilar, murojaatlarni bahamjihat ijobiy hal etish borasida kelishib olindi.

Muhokamalarga boy boʻlgan eshituvda qoʻmitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер