Deputat “JEK” boshligʻini sudga berdi
OʻzMTDPning xalq deputatlari Mirzo Ulugʻbek tuman kengashidagi deputati Jahongir Ziyayev Qonunda belgilangan vakolatidan foydalanib, “Qorasu-1” dahasi “Yangi hayot ikkinchi”, “Yangi hayot uchinchi”, ”Yangi hayot toʻrtinchi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSH) rahbari E.Xalikovani “Deputat soʻrovi”ga oʻz vaqtida javob qaytarmagani uchun sudga bergan edi. Bu haqda OʻzMTDP Mirzo Ulugʻbek tuman kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputat Ziyayev Chimyon mahallasidagi ushbu shirkatga qarashli boʻlgan 10 ta koʻp qavatli uyning (22-31-uylar) yertoʻlasidagi antisanitariya holati boʻyicha XUJMSH rahbari E.Xaliqovaga “Deputat soʻrovi” yuborgan edi.
Qonunga koʻra, soʻrovga 10(oʻn) kun muddat ichida javob qaytarilishi lozim.
“Ammo E.Xalikova oradan qariyb 20 kun oʻtsa-da, na soʻrovga javob qaytardi, na yuqumli kasalliklar kelib chiqishi xavfi boʻlgan muammoni joyiga chiqib oʻrgandi. Deputatning telefon orqali qilgan murojaatlariga esa “JEK” rahbaridan “osmon qoʻlingda boʻlsa, tashlab yubor” qabilida javob qaytarildi”, deyiladi xabarda.
Shundan soʻng J.Ziyayev XUJMSH rahbarini “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks”ning 193-moddasiga koʻra sudga berdi va Mirzo Ulugʻbek tumani Maʼmuriy sudi ushbu ishni koʻrib chiqib, E.Xalikovani aybdor deb topdi.
“Deputat soʻrovi”ga oʻz vaqtida javob bermaslik yoki boshqa shaxsning javob qaytarish holatlari juda koʻp uchraydi. Amaldagi qonunimizda bunga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilangan boʻlsa-da, lekin “oʻzbekchiligimiz”ga boraveramiz. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev shu yilning 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi maʼruzasida aynan shu masalaga toʻxtalib: “Parlament va deputat soʻrovini koʻrib chiqmaganlik yoki koʻrib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat soʻroviga rahbarning oʻzi emas, balki uning oʻrinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda. Oʻzingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obroʻsi? Parlamentga va deputatga boʻlgan hurmat shumi?” deya taʼkidlagan edilar", deydi Ziyayev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring