Deputat OTMlarga kirish uchun berilayotgan imtiyozlar haqida keskin fikrlar bildirdi
Yaqindagina 2020-yilgi qabulga doir barcha savollarga javob berildi. Unga koʻra, bu yil 7 toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar beriladi.
Biroq bu imtiyozlar barchani ham birdek quvontirmayapti. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Maqsuda Vorisova oʻz fikrlarini bildirdi.
“Yurtimizda millionlab yosh yigit-qizlar koʻnglida bir olam orzu bilan oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishni istaydi. Bu yil qanday yangilik boʻlar ekan, qabul oʻrinlari koʻpayarmikan, degan savollarga javob topish ilinjida intizor boʻladi. Ularning aksariyati oʻqishga kira olmasa, kelajagi, taqdiri qanday davom etishini bilmay, chuqur xavotirga tushadi.
Kechagina ommaviy axborot vositalari orqali oliy oʻquv yurtlariga qabul haqida batafsil axborot berildi. Har tugul qabul oʻrinlari oʻtgan yilgiga nisbatan oshgani koʻplab yoshlarni quvontirdi. Lekin, menimcha, oʻqishga kirishda imtiyozlar berilishi toʻgʻrisidagi yangiliklar chin dildan oʻqib, tayyorgarlik koʻrib yurgan yoshlarimizni oʻylantirib qoʻydi, hatto qalbini ogʻritdi. Ularning oʻylari, ogʻriqlarini tushunishimiz kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolar teng huquqqa ega ekanliklari belgilangan. Demak, ota-onasi qayerda xizmat qilishi yoki fuqaroning ayrim yutuqlarga ega boʻlishi Konstitutsiyada belgilangan meʼyordan ustun qoʻyilishi mumkin emas.
Nima uchundir maktabni aʼlo baholarga bitirib, oltin medal sohibi boʻlgan abituriyentga hech qanday imtiyoz yoʻq, lekin respublika fan olimpiadalari gʻoliblariga imtiyoz belgilangan. Yoki boʻlmasam, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalariga belgilangan imtiyoz. Agar shu tanlovda oliy taʼlimga imtihonsiz kirish imtiyozi bekor qilinsa, tanlovda qatnashuvchi qizlar tarkibi qanday oʻzgarar ekan?..
Mudofaa va huquq-tartibot idoralari tizimidagi xodimlar farzandlari uchun belgilangan imtiyozni ham tushunish qiyin. Shundoq ham bu tizimlardagi xodimlar katta imtiyozlarga ega. Endi ularning hisobidan farzandlariga ham imtiyoz berilishi qanchalik ijtimoiy adolat tamoyiliga toʻgʻri keladi?.. Aytaylik, oddiy dehqon yoki bogʻbonning oʻqishni dunyodagi hamma narsadan koʻproq istaydigan qora koʻz farzandi kimlargadir imtiyoz berilgani uchungina “yiqilsa”, jamiyat, siz bilan biz unga adolatsizlik qilgan boʻlmaymizmi? Bunday farzandlarning qalbi sinmaydimi? Dili ogʻrimaydimi?..
Menimcha, harbiy xizmatni namunali oʻtaganlik uchun tavsiya asosidagi imtiyozni ham faqat harbiy sohadagi taʼlimni davom ettirishga tatbiq etish lozim. Chunki ana shunday imtiyoz egalari hisobiga haqiqiy bilim va qobiliyatga ega, eng muhimi, oʻzi tanlagan soha boʻyicha yillab tayyorgarlik koʻrgan yigit-qizlar oliy taʼlimda oʻqish baxtidan benasib boʻlib qolmoqdalar.
Fikrimcha, qayerda oʻrinsiz imtiyoz yaratilsa, oʻsha joyda korrupsiya, degan baloga keng eshik ochiladi. Shuning uchun ham uzoq hayot yoʻlining boshida turgan farzandlarimizni korrupsiya ogʻusi bilan sugʻormaylik, boshqalarini esa adolatsizlik bilan hayotdan norozi qilmaylik”, deydi Vorisova.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring