Har qanday shaxs oʻzini “osmonga olmasdan” sudga chaqirilganda borishi kerak - Kusherboyev sudda ishtiroki haqida

18:18 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
895 0

Kuni kecha jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tuman sudida guvoh sifatida chaqirilib, savollarga javob berganim haqidagi axborotlarni ayrimlar deputatni javobgar sifatida soʻroqqa tutishdek tushunibdi. Biroq bundaymas, men biror narsada ayblanib, sudlanmayapman, deya maʼlumot berdi deputat Rasul Kusherboyev.

"Aslida sudga guvoh sifatida chaqirtirilgan har qanday shaxs mansab va mavqeidan qatʼiy nazar borib ishtirok etishi shart. Kerak boʻlsa deputat, vazir va davlat rahbarining ham sudga guvoh sifatida chaqirilishi demokratik jamiyat uchun normal holat hisoblanadi. Bizda bunaqa hol kam boʻlishi mumkin. Biroq adolat uchun zarur boʻlsa har qanday shaxs oʻzini “osmonga olmasdan” sudga chaqirilganda borishi kerak.
Shu sababli oʻzim tugʻilib oʻsgan qishlogʻimda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning jinoyat ishida men bilan bogʻliq turli koʻrsatmalar olishga urinishlar boʻlgani aytilgani uchun vaziyatga oydinlik kiritish nuqtayi nazaridan sudning chaqirishini tabiiy qabul qildim va bordim. Bu aslida deputatning saylovchilari oldidagi burchi ham hisoblanadi.
Eng muhimi sud ishining oshkora, ommaviy axborot vositalarining erkin ishtirokida oʻtkazilgani men uchun ham kutilmagan hol boʻldi. Ochigʻi men sudda ishtirok etib soʻnggi yillarda sudlarning mustaqilligi va ochiqligini oshirish boʻyicha ishlarning natija bera boshlaganiga guvoh boʻldim.
Kecha sudlanuvchi yosh tadbirkor J.Zokirjonovning sud zalidan ozod qilinib, jazosi yengillatilib oilasi bagʻriga qaytganini eshitib quvondim. Yosh tadbirkorning oilasi, mahalla ahli va doʻstlarining quvonchini koʻrib, oʻzim ham koʻp oylardan buyon choʻzilib kelgan tushunarsiz va men uchun ogʻir kunlarning yakun topayotganidan xursandman. Toʻgʻrisi qiyin boʻldi: tadbirkor boshiga tushgan ish mening faoliyatim bilan bogʻliq, degan gap chiqqani uning oilasi va qishloqdoshlarim oldida boshimni egib qoʻygandi. Umid qilamanki hammasi ortda qoldi va boshqa bunday boʻlmaydi...
Biroq shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: agar shaxsning qilmishi davlat yoki jamiyatga xavf tugʻdirish, odam oʻldirish kabi ogʻir jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlmasa, oilasi va yaqinlarini ruhiy azobga qoʻyib buni yetti sakkiz oylab choʻzib yurish toʻgʻrimi? Xavfi katta boʻlmagan ishlar boʻyicha tergov va sudlarni qisqa vaqtda oʻtkazib, oqni oq qorani qora, deb hukm chiqarishga oʻtish vaqti kelmadimikan?
Boʻlib oʻtgan ushbu tergov va sud ishi misolida bu savol meni koʻp oʻylantirdi. Agar savolimni tushungan boʻlsalar tergovchi, prokuror va sudlarga insof bersin! Tushunmaganlarga esa hammasi joyida, sizga tegishlimas", deydi u. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер