Denovdagi bogʻchada 5 yoshli bolani kaltaklagan tarbiyachi ishdan olindi
Foto: Videodan kadr
Avvalroq Surxondaryoning Denov tumanidagi bogʻchada tarbiyachi 5 yoshli bola urgani, holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgani haqida xabar berilgan edi.
Bolalar ombudsmaniga koʻra, videodagi holat 13-avgust kuni Denov tumanidagi 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan. Tarbiyachi A.G. mashgʻulot davomida 5 yoshli bola M.I. beodoblik qilgani uchun goʻyoki uni tarbiyalash maqsadida qoʻlidagi chizgʻich bilan urgan.
Viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bolaga qoʻpol munosabatda boʻlgan tarbiyachi ishdan olinganini maʼlum qildi.
Shuningdek, taʼlim muassasasida maʼnaviy nosogʻlom muhit yuzaga kelgani, oʻz ishida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani sababli ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning oʻz arizasiga muvofiq bekor qilingan.
Qoʻshimcha qilinishicha, voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan ham oʻrganish ishlari olib borilayotgan boʻlib, holatga huquqiy baho beriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring