Dehqonobod mahallasida oilaviy korxonalar asosida sanoat zonasi tashkil etilmoqda
Buvayda tumanidagi “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yigʻinining asosiy iqtisodiy drayveri temirchilik hunari hisoblanadi. Ayni paytda mahalladagi 700 dan ortiq xonadon aʼzolari ushbu kasb bilan shugʻullanib, barqaror daromad manbaiga ega.
Har bir xonadon amalda tadbirkorlik faoliyati bilan mashgʻul boʻlgani bois, oʻtgan yili “Dehqonobod” mahallasi kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hudud sifatida eʼtirof etildi. Ota-bobolardan meros boʻlib kelayotgan hunarni asrab-avaylash va avloddan avlodga yetkazish maqsadida mahallada “Ustoz–shogird” anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa mahallada va qoʻshni hududlarda istiqomat qiluvchi, shuningdek, xorijiy mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlarning temirchilikka ixtisoslashgan oilaviy korxonalarda kasb egallashlariga keng imkoniyat yaratmoqda. Natijada yosh ustalar oyiga oʻrtacha 1 ming AQSH dollarigacha maosh olib ishlamoqda.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan mahalla hududida 7 gektar maydonda sanoat zonasi barpo etilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy majmuada 221 ta ustaxona va savdo joylari tashkil etilib, 650 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
— Ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida joriy yilda 50 ta loyihani amalga oshirishga kirishdik, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Shohabbos Sobirjonov. — Xususan, “Dehqonobod universal fayz” oilaviy korxonasida umumiy qiymati 3 milliard soʻm boʻlgan loyiha asosida “aqlli qozon”lar ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda korxonada 50 nafar mahalla yoshlari doimiy ish bilan taʼminlangan.
Qayd etilishicha, mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar ichki bozor bilan bir qatorda Qirgʻiziston va Tojikistonga eksport qilinmoqda. Shuningdek, buyurtma asosida Afgʻonistonga ham mahsulot yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlib, ilk partiya tajriba tariqasida joʻnatildi.
Quvonarlisi, sohaga innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi hisobiga yildan yilga jahon bozori talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Ayni paytda mahallada qurilish, qishloq xoʻjaligi, tomorqa ishlari va chorvachilik yoʻnalishlari uchun 100 turdan ortiq mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Hozirda jahon standartlariga mos oʻnlab turdagi qurilish mahsulotlari qoʻshni davlatlar bilan birga Rossiya bozoriga ham eksport qilinmoqda.
Aytish joizki, bugun “Dehqonobod” mahallasida 1000 ta xonadonda qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi va mahalla hududi barqaror mehnat, tadbirkorlik hamda hunarmandchilik anʼanalari bilan ajralib turadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring