Dehqon xoʻjaligini yuritishda qanday yangiliklar kutilyapti?
Mamlakatimizda keng turdagi yuqori sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu bois, yurtimizda kaftdek yerdan daromad topish, shu orqali xalqimiz va davlatimiz iqtisodiyotiga manfaat keltirish maqsadlari yuqori bosqichga koʻtarildi. Soha rivojiga oid qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Lekin bu yoʻnalishdagi meʼyoriy hujjatlarda dehqon xoʻjaliklarini yuritish bilan bogʻliq ayrim masalalar toʻliq ochib berilmagan. Xususan, amaldagi qonunchilikda dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilishi nazarda tutilgan.
Buning natijasida huquqiy tushunchalardagi chalkashliklar tufayli dehqon xoʻjaliklari ixtiyoridagi yerlarda aholi tomonidan oʻzboshimchalik bilan uy-joylar va boshqa imoratlar qurilib, turar joy sifatida foydalanib kelindi. Achinarli jihati, yerlarni asrash, unumdorligini oshirish va agrotexnika talablariga rioya qilish kabi majburiyatlarni bajarish ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasida shu kabi muammoli masalalarga alohida ahamiyat berilgan.
Dehqon xoʻjaligini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi – dehqon xoʻjaligini tashkil etish, faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, dehqon xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Shu jihatdan qonun loyihasida dehqon xoʻjaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamda yer uchastkalari berilishi va undan ixtisoslashuvi asosida faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanishi kerakligi belgilanmoqda.
Yerdan dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuvida nazarda tutilmagan boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini dehqon xoʻjaligining ixtisoslashuviga muvofiq asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlarining qator oralariga ekish yoki asosiy va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini navbatlab ekish yoʻli bilan yetishtirish uchun ham foydalanilishi mumkinligi nazarda tutilyapti.
Bular hali hammasi emas. Mazkur hujjatga binoan, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida bino va inshootlar, shu jumladan, yerosti inshootlarini qurish taqiqlanmoqda. Bundan yengil konstruksiyali issiqxona va boshqa shu kabi qurilmalar, shuningdek, sugʻorish inshootlarini qurish mustasno. Yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish bilan bir vaqtda 10 boshdan ortiq boʻlmagan miqdordagi chorva molini oʻtlatishga yoʻl qoʻyiladi. Oʻz tasarrufidagi yer uchastkasidan xoʻjasizlarcha foydalanish yoki ularning yaroqsiz holga kelib qolishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish ixtisoslashuvga koʻra amalga oshirilmagan taqdirda, yer soligʻi uch baravar miqdorda undiriladi. Bu esa yerdan samarali va oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik – qonun loyihasi qabul qilingach, dehqon xoʻjaligi oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek, aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yoʻli bilan qoʻshimcha ruxsatnomalarsiz realizatsiya qilish huquqiga ega boʻlishadi. Dehqon xoʻjaligi tomonidan oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olgan daromadlariga soliq solinmaydi.
Umuman olganda, har qarich yerdan unumli foydalanish, yer egalarida shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik hissini oshirish, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilishga qaratilgan qonun loyihasida bugungi kunning ustuvor vazifalari aniq, chuqur yondashilgan holda belgilab berilmoqda. Binobarin, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirish hozirgi murakkab sharoitda har qachongidan muhimroq.
“Yeri boyning eli boy”, deydi xalqimiz. Zero, tiriklik manbai boʻlib kelgan yerning har qarichidan oqilona foydalanish iqtisodiy barqarorlik kafolatidir. Demak, har bir xonadonning qut-barakali boʻlishi, odamlarimizning oʻz turmushidan rozi va mamnun yashashi uchun yerdan samarali foydalanish lozim. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi esa soha rivojiga xizmat qilishi aniq.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring