Davlat organlarining nomlari va vakolatlari aniqlashtirilmoqda

10:37 25 Noyabr 2023 Siyosat
351 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan institutsional islohotlar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida, shuningdek, milliy mudofaa sanoati yoʻnalishida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar belgilandi.

Qonun bilan ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda, shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy boʻysunuvi oʻzgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga oʻtkazilganligi aniqlashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida “Oʻztextreyd” DUK tuzilganligi sababli “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Maʼmuriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuriga oʻtkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi. Shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlangandi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga,
“Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonunlarga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar Qonun agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarining aniqlashtirilishiga va yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер