Davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish uchun elektron platforma ishga tushirildi
Foto: Халқ сўзи
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova maʼlum qildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish uchun elektron platforma ishga tushirildi.
HRM.ARGOS.UZ dasturi Davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda “Raqamli davlat fuqarolik xizmati” konsepsiyasi doirasida inson resurslarini rivojlantirish yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarga chek qoʻyish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida ishlab chiqildi.
Endilikda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinadi va yuritiladi.
Platforma Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz hamda Yagona milliy mehnat tizimi — my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integrallashgan. Xodimlar va mehnatga doir maʼlumotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
Elektron tizim 2023-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, mahalliy hokimliklarda joriy etilmoqda.
Maʼlumot uchun, oʻtkazilgan tahlillarga koʻra 70-80 nafar xodim faoliyat yuritadigan bitta tashkilot kadrlar boʻlinmasi 1 oyda oʻrta hisobda 3-4 pachka qogʻoz ishlatadi, bu 1 yilda 48 pachka yoki
200-250 kilogrammgacha qogʻoz degani. Barcha vazirlik va idoralar, ularning quyi tizimlari hamda mahalliy hokimliklarni hisobga olganda, bir necha tonna qogʻoz sarflanayotganini anglatadi. Yaʼni kadrlar boʻlinmalari umumiy mehnat vaqtining 45 foizi ortiqcha qogʻozbozlik va turli byurokratik yuklamalardan iborat boʻlgan.
Joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan dastur bularning barchasini oʻzida aks etgan boʻlib, elektron hujjat almashinuvi tamoyili asosida ishlaydi. Bu bilan, kadrlar boʻlinmalarining ortiqcha qogʻozbozlik va turli byurokratik yuklamalariga chek qoʻyilmoqda.
Platforma orqali:
vakant lavozimlarni eʼlon qilishdan tortib, ishga qabul qilish natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha boʻlgan jarayonlar toʻliq elektron tarzda amalga oshiriladi;
tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona elektron bazaga jamlangan holda axborot toʻplanadi va unga ishlov beriladi;
xodimlar davomati va ish vaqti hisobi tabeli, shuningdek, xizmat safari, mehnat taʼtili, mehnatga layoqatsizlik davri elektron shaklda qayd etib boriladi;
xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholab boriladi;
kadrlar boʻyicha maʼlumotlarning elektron arxivi yuritiladi.
Bugungi kunda Dasturga 4 mingga yaqin tashkilotlar ulangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring