Davlat mulkini xususiylashtirishga oid munosabatlar takomillashtirilmoqda
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun sohadagi xalqaro tajribadan hamda Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlar va Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, unda xususiylashtirishning barcha bosqichlari toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun darajasida belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, baholashdan oʻtkazish, boshlangʻich narxni belgilash, maslahatchilarni jalb etish, savdolarni oʻtkazish jarayonlari tartibga solinmoqda.
Shuningdek, xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini taʼminlash hamda korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Shu bilan birga amaldagi qonunda aks etmagan elektron-onlayn auksion va birja, shuningdek, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va koʻchmas mulk obyektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi turlari kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda xususiylashtirish sohasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan meʼyorlar kiritilib, unga koʻra xususiylashtirish toʻgʻrisidagi yigʻma hisobotlar va har bir davlat aktivi savdo jarayonlari bosqichlari toʻgʻrisida maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, uning hududiy boshqarmalari, savdo tashkilotchisi va vositachining veb-saytlarida, shuningdek respublika va mahalliy darajadagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat aktivlarini sotishda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati, toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari qonun darajasida belgilanmoqda hamda mulkni balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida xususiylashtirishni jadallashishini, xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va shaffof boʻlishini, barcha xaridorlar uchun teng raqobat muhiti yaratilishini taʼminlaydi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.








Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring