Davlat mulkiga egalik qilishning aniq mezonlarini belgilanadi — Qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.
Taʼkidlanganidek, amaldagi qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish (davlat mulkini saqlash) boʻyicha aniq mezonlar mavjud emas.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 24927 ta davlat muassasasi, 2285 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud boʻlib, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki yuqoriligicha qolmoqda. Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish maqsadida davlat mulkiga egalik qilishning aniq mezonlarini belgilash zaruratini koʻrsatmoqda.
Qonun loyihasi bilan davlat mulkiga egalik qilishni asoslash prinsiplari belgilanmoqda. Xalqaro tajriba va xorijlik ekspertlarning tavsiyasiga koʻra, davlat korxonalari uchun korporativ boshqaruvning asosiy tamoyillariga asosan davlat mulki yagona vakolatli organ tomonidan boshqarilishi eng yaxshi tajribadir.
Fransiya, Finlyandiya, Norvegiya, Xitoy, Singapur, Malayziya, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda davlat mulki maxsus idora yoki davlat xoldingi tomonidan boshqariladi.
Shundan kelib chiqib, loyihada davlat mulkini boshqarish sohasida vakolatli davlat organi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning asosiy vakolatlaridan biri sifatida davlat mulkini boshqarish boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritishi belgilanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring