Davlat xizmatida samaradorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan muhim islohot
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Poytaxtimizning Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda agentlikning masʼul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etib, davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.
Anjumanda agentlik departamenti mudirlari Ilhom Qurbonov, Gʻolibjon Abduazizov hamda boshqarma boshligʻi Shuhrat Madiyarov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardilar. Ular taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvini zamonaviy va samarali mexanizmlar asosida tashkil etish, kadrlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonning mantiqiy davomi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 6-dekabrda “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi. Matbuot anjumanida mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati va amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari batafsil tushuntirib berildi.
— Farmon asosida davlat idoralarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, kadrlar bilan ishlashda shaffof va ochiq mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish – agentlik zimmasiga yuklangan eng ustuvor vazifalardan, — deydi Ilhom Qurbonov.
Farmonga muvofiq, kirib kelayotgan 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta tuman va shaharda tajriba sifatida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Endi davlat organlarining maqsadli koʻrsatkichlari maxsus indikatorlar asosida shakllantirilib, ularning bajarilishi “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasida baholanadi.
Shu bilan birga, agentlik tizimli menejment, strategik rejalashtirish, loyihaviy yondashuv va zamonaviy HR modellarini davlat boshqaruviga bosqichma-bosqich integratsiya qilib bormoqda. Bu jarayon orqali har bir davlat organining vazifa-funksiyalari aniq belgilab beriladi, kesishma vazifalar oldi olinadi, “oʻsish nuqtalari” aniqlanadi.
2026-yildan boshlab “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)”larda kadrlar rotatsiyasi tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Unga koʻra, tuman (shahar) hokimlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat organlari mahalliy boʻlinma rahbarlari har 5-yilda boshqa hududga rotatsiya qilinishi belgilangan. Rotatsiya jarayoni “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Kelgusi yildan davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi maxsus diagnostikadan oʻtkaziladi. Korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori boʻlgan lavozimlarda faoliyat yurituvchi xodimlar majburiy tarzda baholanib, “past” natija olganlar ushbu lavozimda mehnat faoliyatini davom ettira olmaydilar. Baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmasiga asosan amalga oshiriladi.
Bu jarayon davlat xizmatini xolis, pok va samarali tashkil etishga qaratilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, kadrlar zaxirasini yuritishning yangi tartibi joriy etiladi. “zaxira.bsa.uz” platformasi orqali nomzodlarning rivojlanish dinamikasi kuzatilib boriladi. Ijtimoiy faol va salohiyatli kadrlarni aniqlashda mahalla va tuman darajasidagi rahbarlar xulosalari inobatga olindi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, qabul qilingan Farmon davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishda muhim bosqich hisoblanadi. Islohotlar samaradorlik, shaffoflik va kadrlar malakasini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Anjumanda ishtirok etgan jurnalistlar va jamoatchilik faollari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar va islohotlarning amaliy ahamiyatini yuqori baholadilar.
Bu oʻzgarishlar davlat boshqaruvini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, aholiga xizmat koʻrsatish tizimini yaxshilashi va mamlakatimizda samarali davlat xizmati modelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring