Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolarni saylashda endi barcha aksiyadorlar ovoz berishi mumkin

14:03 21 Fevral 2023 Jamiyat
557 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarma boshligʻi Sharofiddin Ahmedov maʼlum qildi.

Maʼlumki, korxonalarni boshqarishda kuzatuv kengashi muhim rol oʻynaydi. Bugungi kunga qadar, kuzatuv kengashi tarkibiga asosan davlat organlari xodimlari kiritilib kelingan boʻlib, ushbu organ faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish uchun ularning tarkibiga korxonadan mutlaqo holi boʻlgan mustaqil aʼzolarni kiritishimiz zarur.

Maʼlumot oʻrnida, hozirda davlat ishtirokidagi 57 ta korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga 86 ta (atigi 4 foiz) mustaqil aʼzolar kiritilgan.

Bizning oldimizda keyingi 3 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolarni kamida 30 foizga yetkazish vazifasi turibdi.

Buning uchun birinchi navbatda qonunchilik bazasini yaratish, mustaqil aʼzolar oʻzi kimlar boʻlishi, ularni saylash tartibini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish lozim edi.

Shunga koʻra, joriy yil 18-yanvarda “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi, unga koʻra:

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, yaʼni:

1) Mustaqil aʼzolarni saylashda barcha aksiyadorlar ovoz berishda ishtirok etish imkoniyati yaratildi (oldin faqat davlat va xoʻjalik birlashmalari vakillari ovoz berishi belgilangan edi);

2) Kuzatuv kengashi tarkibiga saylangan mustaqil aʼzolarning reyestri yuritiladi hamda korxona rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi;

3) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil aʼzo kiritiladi;

4) mustaqil aʼzolikka nomzodlar kuzatuv kengashi tomonidan tanlov asosida tanlab olinib, umumiy yigʻilishga kiritiladi;

5) quyidagilar kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʻlishga qoʻshimcha ravishda cheklov oʻrnatildi:

— soʻnggi uch yil ichida jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslarida auditorlik xizmatlarini koʻrsatgan auditorlik tashkilotining xodimi;

— ketma-ket 6 yil davomida jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi boʻlgan shaxs;

— jamiyatning ustavi yoki boshqa hujjatlari bilan belgilangan talablarga mos kelmaydigan shaxs;

— jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxslarining boshqaruv va ichki nazorat organlarining aʼzosi boʻlgan shaxsning yoki soʻnggi uch yil ichida ularga aʼzo boʻlgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi boʻlgan shaxs;

6) jamiyat ijroiya organi tomonidan yirik bitim yoki affillangan shaxslar bilan bitim tuzish tartibi buzilganligi natijasida uning aybi bilan jamiyatga yetkazilgan zarar boʻyicha ijroiya organining subsidiar javobgarligi belgilandi.

Ushbu Qonunning amalda ijrosini taʼminlash xoʻjalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibida mustaqil aʼzolar salmogʻini oshirib, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, jamiyatlarda zamonaviy menejmentni va korporativ boshqaruv usullarini joriy etishga, kuzatuv kengashi tarkibiga professional mutaxassislarini, jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etishga va pirovard natijada korxonalarni boshqarish samaradorligini va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер