Davlat dasturining toʻqqiz oydagi ijrosi muhokama qilindi

16:20 08 Noyabr 2023 Siyosat
265 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning hayot darajasini oshirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023-yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band)lar toʻliq bajarilgan, 42 tasining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari koʻrib chiqilmoqda, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.

Majlisda qayd etilganidek, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari doirasida koʻrilgan choralar tufayli yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizni tashkil etdi.

Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar bajarilgan. Jumladan, oʻtgan davrda respublika boʻyicha ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizlarning manzilli roʻyxati shakllantirilib, ularni ichki mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish choralari koʻrilgan.

Qayd etilganidek, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatida aholiga malakali xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, sohaga ajratiladigan mablagʻlarni oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, sohada koʻrilgan chora-tadbirlar doirasida 5,9 mln. nafar 18-40 yoshli aholi profilaktik tibbiy koʻriklardan oʻtkazildi, kasalliklari mavjud aholining 1,4 mln. nafari ambulator sharoitda hamda 41 ming nafari statsionar sharoitda sogʻlomlashtirildi, 3,8 mln. nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi manzilli skriningdan oʻtkazildi.

Muhokamalar jarayonida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Davlat dasturida muhim tarmoq va sohalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida qabul qilinishi belgilangan qonun loyihalarini sifatli ishlab chiqish hamda oʻz vaqtida parlament muhokamasiga kiritish borasidagi ishlarga alohida masʼuliyat bilan eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

Taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan har bir raqam va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqilib, Davlat dasturining 2023-yil toʻqqiz oyidagi ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi oʻz nuqtayi nazarini, fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisoboti maʼqullanib, Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер