Davlat dasturi ijrosi belgilangan muddatda bajarilsa, muammolar hududda yechim topadi
Koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlari qatori, yurtimizda ham koʻpgina rejalarni amalga oshirishga jiddiy taʼsir koʻrsatyapti. Lekin oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida 2021-yilning birinchi yarim yilligini yalpi ichki mahsulotning oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizga oʻsishi bilan yakunlashga erishdik.
Oʻtgan davr ichida barcha sohalar qatori, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, aholi bandligini oshirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgani tufayli iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmining oʻsishi kuzatildi. Sanoat, xizmatlar, qishloq xoʻjaligi sohalarida yuqori koʻrsatkichlar qayd etildi.
216 mlrd. soʻmlik 9 ta investitsiya loyihalari ishga tushirildi
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmogʻi kabi agrar sektorda ham keng koʻlamli islohotlar olib borildi. Xususan, bugungi kunga qadar yerlarni foydalanishga kiritish uchun 1 203 km sugʻorish tarmoqlari qurilib, 391 km kollektor tarmoqlari taʼmirlandi, 997 dona sugʻorish quduqlari va 201 dona nasos agregatlari oʻrnatilib, 1 782 km elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Natijada respublika boʻyicha jami 189,0 ming gektar, shundan 100,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan yerlar hamda yer osti zaxira suvlari mavjud boʻlgan 88,4 ming gektar choʻl, adir hududlardagi lalmi va yaylov yerlar oʻzlashtirilib, qishloq xoʻjaligi foydalanishiga kiritildi.
Oʻzlashtirilgan yer maydonlarda 20 ming gektar sabzavot, 12,5 ming gektar poliz, 18,2 ming gektar moyli, 17,3 ming gektar dukkakli, 38 ming gektar ozuqa ekinlari, 37,9 ming gektar bogʻ, 26 ming gektar uzumzor, 9,2 ming gektar sholi va 9,8 ming gektar boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari joylashtirildi.
2021-yilda fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 7 mln. tonna sabzavot, 1,6 mln. tonna kartoshka, 3,1 mln. tonna meva va 1,8 mln. tonna uzum yetishtirish belgilangan. Buning uchun qoʻshimcha ravishda hisobot davrida 64 ming gektar mevali bogʻ va 37,6 ming gektar uzumzorlar barpo etildi. Mevali bogʻlar va uzumzorlarni tashkil etish uchun 64,3 ming dona mevali, 100,6 ming dona tok koʻchatlari hisob-kitob qilinib, bugungi kunga qadar 44,9 mln dona meva va 51,9 mln dona tok koʻchatlari yetkazib berildi.
Fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarning gʻalladan boʻshagan takroriy maydonlariga 92,5 ming gektar sabzavot, 22,9 ming gektar kartoshka va 33,8 ming gektar poliz ekinlari ekilishi belgilangan boʻlib, oʻtgan davrda 13,2 ming gektar sabzavot, 453 gektar kartoshka, 10,7 ming gektar poliz ekinlari ekilgani agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Eksportchi korxonalarning 1 208 ta muammosi hal etildi
Maʼlumki, investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri boʻlib, u boʻlmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etish esa koʻplab sohalar, tarmoqlar va hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar kirib kelishiga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan joriy yilning birinchi yarim yilligida 4,8 mlrd. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi yoki prognozga nisbatan 130 foizga bajarildi. Eng muhimi, Davlat investitsiya dasturi doirasida 746 mln. dollarlik 50 ta yirik va ahamiyatli loyihalar, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 21 trln. soʻmlik 5 246 ta loyihalar ishga tushirilib, 70 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bu, albatta, quvonarli holatdir.
Hisobot davrida respublika boʻyicha eksport hajmlari 7 mlrd. 55 mln. dollarni yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surati 112,3 foizni tashkil etganini ham alohida qayd etish zarur. Ayniqsa, eksportchi korxonalarning muammolarini tezkorlik bilan hal etish, ularga zarur koʻmakni koʻrsatish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida 24 soat faoliyat yurituvchi respublika eksport shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, eksportchi korxonalarning 1 208 ta muammoli masalalari tezkorlik bilan hal etilgani mamlakatimizda biznes vakillariga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan jami 150 mlrd. soʻmlik moliyaviy yordamlar koʻrsatilgani, shuningdek, eksportoldi moliyalashtirish maqsadida eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan 100 mln. dollar mablagʻ toʻliq oʻzlashtirilib, 193 ta eksportchi korxonalarga arzon foizlarda ajratilishi taʼminlangani koʻplab tadbirkorlarimiz uchun katta ragʻbat va imkoniyat boʻldi.
Albatta, joriy yilning birinchi yarim yilligida qilingan ishlar diqqatga sazovor. Lekin hisobot davrida yutuqlar bilan birga bir qator muammo va kamchiliklar ham borki, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish kechiktirib boʻlmas vazifa hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitish jarayonida ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Majlisda Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgani, ayniqsa, Vazirlar Mahkamasiga, uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik soʻrovlariga berilgan javoblar chuqur tahlil qilingani ijobiy baholandi. Oʻz navbatida, Hukumatga yil yakuniga qadar Dastur ijrosini toʻliq bajarish choralarini koʻrish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Birinchidan, Dasturning birinchi yarim yillikka belgilangan 116 ta bandidan 89 tasi toʻliq ijro etilgan, 7 ta bandning ijrosi muddatidan avval taʼminlangan. Ammo ayrim bandlar ijrosi bajarilishi kechikkan, belgilangan vazifalar hozirga qadar taʼminlanmagan. Hozirda 1-iyul holatiga muddatidan kechikishga yoʻl qoʻyilgan ayrim topshiriqlar yuzasidan zarur choralar koʻrilmoqda. Xususan, partiyamiz elektorati manfaatiga xizmat qiladigan, moliyaviy bozorni kengaytirishga qaratilgan muhim tadbir koʻzda tutilgan 60-band ijrosi yuzasidan «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi shu yil 9-iyul kuni Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Ikkinchidan, OʻzLiDeP dasturidagi muhim yoʻnalishlardan biri boʻlgan davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish choralari koʻrilayotgani ham quvonarlidir. Zotan, davlatimiz rahbarining joriy yil 23-martdagi tegishli farmoni bilan 18 turdagi maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali berilishi, 28 ta turdagi davlat xizmatining natijasi aholiga pochta aloqasi orqali yetkazilishi belgilandi.
Uchinchidan, energetika tizimi iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim omili hisoblanadi. Bu borada elektr energetikasi sohasida raqamlashtirish siyosatini amalga oshirilayotgani, bugungi kunga qadar 7,2 milliondan ortiq aholi xonadonlariga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatilgani, ularning 6,3 milliontasi billing tizimiga ulanib, elektr energiyasi isteʼmolini onlayn monitoring qilish yoʻlga qoʻyilgani diqqatga sazovor, albatta.
Shu oʻrinda hisobotda keltirilgan bir raqamga toʻxtalishni joiz bildim.Ayni vaqtda respublikada elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari 14 ming 131 megavattni tashkil etmoqda. 2000-yilda bu koʻrsatkich 7 ming 750 megavattni, 2016-yilda 10 ming 830 megavattni tashkil qilgan. Soʻngi 20 yilda ishlab chiqarish quvvatlari 2 barobarga, oxirgi 4 yil ichida esa 25 foizga oʻsgan.
Joriy yilning yakuniga qadar 9 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, generatsiya quvvatlari 1 ming 560 megavattga oshirilishi maqsad qilingan. Ushbu muhim vazifani bajarish hamda Toshkent, Xorazm, Navoiy viloyatlarida belgilangan aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun Hukumat albatta, barcha zarur choralarni koʻrishiga ishonamiz. Bu borada fraksiyamiz ham energetika vazirligi bilan hamkorlikda nazorat tahlil tadbirlarini amalga oshiradi.
Toʻrtinchidan, serquyosh yurtimizda yetishtirilayotgan noz-neʼmatlar oʻzining betakror taʼmi, inson organizmi uchun foydali boʻlgan vitaminlarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois meva-sabzavotlarimizga talab xorijda ham yuqori. Hozirgi murakkab sharoitda aholini asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, eksport koʻlamini kengaytirish dolzarb masalalardan boʻlgani bois, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash va yil davomida narx-navo barqarorligiga erishish uchun ijro organi bilan deputatlik korpusi hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyib, nazorat ishlarini kuchaytirish kerakligi tavsiya etildi.
Xulosa shuki, Davlat dasturida aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, odamlarning hayotdan rozi boʻlib umrguzaronlik qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan muhim masalalar oʻz aksini topgan. Shu nuqtayi nazardan uning har bir bandida belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilsa, joylardagi muammolar yechim topadi, jamiyatda, odamlar hayotida oʻzgarish boʻladi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring